Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 23 yoshli ayol 37 yoshli eri tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 16-yanvar kuni kaltaklashda eridan tashqari, uning onasi va jabrlanuvchining ovsini ham ishtirok etgani aytilgan video paydo bo‘ldi. Yosh ayol komaga tushib qolgan. Avvaliga mahalliy shifoxonaga, so‘ng Chinoz tumani tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.

Jabrlanuvchi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Sevimli telekanalining xabar berishicha, shifokorlar viloyat markazi — Nurafshon shahridan taklif etilgan. Ammo ayolni qutqarishning iloji bo‘lmagan. U 24-yanvar kuni vafot etgan.

Er hibsga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi 8-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga hayot uchun xavfli shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkak 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Telekanalning xabar berishicha, er-xotin bir yarim oy oldin o‘g‘illi bo‘lgan.