2024-yilda O‘zbekistonda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etildi, deb xabar berildi juma kungi Oliy Majlis Senati yig‘ilishida (translyatsiya).

Bu 2023-yilga (9839 ta avariya) nisbatan 475 kishiga yoki 4,8 foizga kam deganidir. 2022-yilda baxtsiz hodisalar soni 9902 tani, 2021-yilda 10001 tani tashkil etgan.

Avariyalarda jabrlanganlar soni o‘tgan yili 9209 nafardan 8901 nafarga (3,3 foizga kam) kamaygan. YTH oqibatida vafot etganlar ham 2203 kishiga (79 kishiga yoki 3,5 foizga) kamaydi.

2024-yilda jabrlangan va halok bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmagan. 2023-yilda bolalar ishtirokida 1794 ta YTH sodir bo‘lgan. Ularda 1568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan. 2022-yil bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar e’lon qilinmagan, ammo o‘sha yilning 10 oyida 226 nafar bola vafot etgan.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov statistik ma’lumotlarni e’lon qilib, ushbu YTHlarning asosiy sabablarini fuqarolarning qonunchilikda belgilangan javobgarlikni mensimasligi, shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi deb atadi.

U yo‘l-transport hodisalari sonining ko‘payishiga ta’sir qiluvchi omillar qatorida amaldagi qonunchilikda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazo muqarrarligini ta’minlaydigan ta’sirchan mexanizmlarning mavjud emasligini ham sanab o‘tdi.