Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi huzurida Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi tashkil etiladi. Hukumat 21-yanvar kuni uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, davlat muassasasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat siyosatini yuritish va tartibga solish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda ilmiy-texnik ishlar asosida takliflar (tavsiyalar) ishlab chiqish belgilandi.

Bundan tashqari, u atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza o‘tkazadi. Atom energiyasidan foydalanish sohasida radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha normativ bazani rivojlantiradi va takomillashtiradi.

Radiatsiya va yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha davlat dasturlari, xalqaro loyihalar hamda dasturlarni ishlab chiqishda, shuningdek, nazorat va litsenziyalash faoliyatini texnik, tahliliy hamda eksperimental qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etish bilan ham yangi markaz shug‘ullanadi.

Shuningdek, tashkilot radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy asoslangan xavfsizlik, modellashtirish va hisoblash tahlilini o‘tkazish, radiatsiya va yadro xavfsizligini tartibga solish sohasida ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish, yaratish, shakllantirish va saqlash, o‘z vakolati doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish ishlarini ham olib boradi.