O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 37 million 543,2 ming kishiga yetdi. Shu tariqa 2024-yilda aholi o‘sishi 2 foizni yoki 743,4 ming kishini tashkil etdi. Bu ma’lumotlar Statistika agentligi tomonidan taqdim etildi.
Jami aholining 18,9 millioni (50,4 foizi) erkaklar, 18,6 millioni (49,6 foizi) ayollardir. Shahar aholisi 19,1 million (51%), qishloq aholisi 18,4 million (49%) kishini tashkil etadi.
Aholi zichligi
Aholi zichligi — har kvadrat kilometrga 83,6 nafar kishi. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 1,6 kishiga ko‘p (2024-yil 1-yanvar holatiga 1 kv. km.ga 82 kishi).
Hududlar kesimida aholining eng yuqori zichligi Toshkent shahrida 6948,1 nafar, Andijon viloyatida 804,9, Farg‘ona viloyatida 613,1 nafarni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida — 9,9 va Qoraqalpog‘istonda — 12,2.
Tug‘ilish
2024-yilda 926,4 ming bola tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizga kam. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2017-yildan beri ilk bor tug‘ilish kamaymoqda.
Tug‘ilganlar ulushi shaharlarda 49,1% (454,5 ming chaqaloq), qishloq joylarda 50,9% (471,9 ming).
O‘tgan yil davomida 479,5 ming (51,8 foiz) o‘g‘il bola, 446,9 ming (48,2 foiz) qiz bola tug‘ildi.
2024-yilda tug‘ilganlar soni tahlil qilinganda quyidagi taqsimot qayd etildi: bir bola tug‘ilishi 97,7 foizni, ikkita bola tug‘ilishi 2,2 foizni, uch va undan ortiq bola tug‘ilishi 0,1 foizni tashkil etdi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning otalari yoshga qarab quyidagi nisbatda taqsimlandi: 10,7% — 25 yoshgacha, 82,5% — 25−39 yosh, 6,8% — 40 yosh va undan katta. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 39,3 foizida onalar yoshi 25 yoshgacha, 59,5 foizida 25−39 yosh, 1,2 foizida 40 yosh va undan katta bo‘lgan.
Tug‘ilishning eng katta ulushi Samarqand viloyatida (12 foiz) kuzatildi, Farg‘ona viloyatida — 11,1 foiz, Qashqadaryo viloyatida — 10,9 foiz, Andijon viloyatida — 9,3 foiz va Surxondaryo viloyatida — 9,1 foiz.
Tug‘ilish darajasi Sirdaryo viloyatida (2,4 foiz), Navoiy viloyatida (2,8 foiz), Jizzax viloyatida (4,2 foiz), Qoraqalpog‘istonda (4,5 foiz) va Buxoro viloyatida (5 foiz) nisbatan past.
O‘limlar
2024-yilda vafot etganlarning umumiy soni 174,4 ming kishini tashkil etdi (2023-yilga nisbatan 0,9 foizga ko‘p), shu jumladan, erkaklar — 96 ming (55,04 foiz), ayollar — 78,4 ming (44,96 foiz). Shaharlarda 98,2 ming kishi (56,3 foiz), qishloq joylarda 76,2 ming kishi (43,7 foiz) vafot etdi.
O‘limning asosiy sabablari: 57,6% — qon aylanish tizimi kasalliklari, 9,4% — o‘simtalar, 6,3% — nafas olish tizimi kasalliklari, 5,8% — baxtsiz hodisalar, zaharlanish va shikastlanishlar, 4,1% — ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, 1,1% — yuqumli va parazitar kasalliklar, 15,7% — boshqa kasalliklar.
O‘lim holatlarining eng katta ulushi Samarqand viloyatida (10,8 foiz) yuz berdi, Farg‘ona viloyatida — 10,3 foiz, Andijon viloyatida — 10,2 foiz, Toshkent shahrida — 9,6 foiz, Toshkent viloyatida — 9,4 foiz.
Sirdaryo (2,6 foiz), Navoiy (2,8 foiz), Jizzax (3,5 foiz), Xorazm (5,2 foiz) va Buxoro (5,5 foiz) viloyatlarida o‘lim ulushi nisbatan kam.
Nikohlar
2024-yilda ro‘yxatga olingan nikohlar soni 271,8 mingtani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 mingtaga kam. Bu bilan 2022-yilda boshlangan nikohni qayd etishdagi pasayish tendensiyasi davom etdi. Eslatib o‘tamiz, pandemiya sababli karantin cheklovlari kiritilgan 2020-yilda ham nikohlar soni 25 mingtaga ko‘p bo‘lgan edi. 2024-yilda, shuningdek, oxirgi 10 yildagi eng kam nikohlar qayd etildi.
Yangi oilalar umumiy sonining 50,3 foizi (136,7 mingtasi) shaharlarda, 49,7 foizi (135,1 ming) qishloq joylarda tashkil etilgan.
Nikohda ayollarning o‘rtacha yoshi 22,3 yosh, erkaklarning o‘rtacha yoshi 27,1 yoshni tashkil qildi. Ro‘yxatga olingan nikohlarning eng katta ulushi 25 yoshgacha bo‘lgan ayollarga to‘g‘ri keladi — barcha nikohlarning 81,9 foizi.
Ajralishlar
Ajralishlar soni 45,1 mingtani tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan 8,3 foizga kam, ammo baribir 2021-yilgacha bo‘lgan yillikdan sezilarli darajada ko‘p.
Shaharlarda 28 mingta (62 foiz), qishloq joylarda 17,1 mingta (38 foiz) ajralishlar qayd etilgan. 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida bir bolali oilalarda ajralishlar soni 12906 tani, farzandsiz nikohlarda 21726 tani, ikki va undan ortiq farzandli oilalarda 10 503 tani tashkil etdi.
Ajrashgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 35,4 yoshni, ayollarniki 32,1 yoshni tashkil etdi. Ajralishlarning eng katta ulushi 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarga to‘g‘ri keladi, bu umumiy ko‘rsatkichning 64,6 foizini tashkil qiladi.
Ajralishlarning eng yuqori foizi Toshkent shahrida (13,1 foiz), shuningdek, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida (10,6 foiz) qayd etilgan. Ajralishlar soni Navoiyda (2,8 foiz), Sirdaryoda (3,3 foiz) va Jizzaxda (3,8 foiz) nisbatan kam.
Immigratsiya va emigratsiya
O‘zbekistonga kelganlarning umumiy soni 241,8 ming kishini tashkil etdi, ulardan 103,4 ming nafarini erkaklar, 138,4 ming nafarini ayollar tashkil etdi. Shaharlarga kelganlar soni 182,2 ming kishiga, qishloq joylarga 59,6 ming kishiga yetdi.
Yosh guruhlari bo‘yicha kelganlarning 11,5 foizini mehnatga layoqatli yoshdan pastlar, 80,7 foizini mehnatga layoqatli yoshdagilar, 7,8 foizini mehnatga layoqatli yoshdan kattalar tashkil etdi.
Xorijdan O‘zbekistonga doimiy yashash uchun kelganlarning eng katta ulushini Rossiya Federatsiyasi (36,5 foiz) va Qozog‘istondan (24,2 foiz) kelganlar tashkil etadi. Kelganlarning 10,8 foizi Tojikistondan, 6,9 foizi Qirg‘izistondan, 2,5 foizi Turkmanistondan, 19,1 foizi boshqa davlatlardan hisoblanadi.
Immigrantlarning eng katta ulushi — 38,1 foizi — Toshkent shahriga, 13,4 foizi — Toshkent viloyatiga, 5,5 foizi — Farg‘ona viloyatiga, 5,5 foizi — Samarqand viloyatga va 5,1 foizi — Navoiy viloyatiga kelgan.
Chiqib ketganlar soni 250,4 ming kishini tashkil etdi, jumladan, 107,5 ming erkak, 142,9 ming ayol. Shahardan ketganlar 173,6 ming kishini, qishloqdan ketganlar 76,8 ming kishini tashkil etdi.
Yosh guruhlari bo‘yicha chiqib ketganlarning 12 foizi mehnatga layoqatli yoshga to‘lmagan, 80 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar, 8 foizi esa mehnatga layoqatli yoshdan kattalardir.
O‘zbekistondan doimiy yashash uchun ketayotganlarning asosiy ulushi Qozog‘istonga bormoqda (81,1 foiz). Undan keyingi o‘rinlarda Rossiya (14,8 foiz), Janubiy Koreya (0,9 foiz), Qirg‘iziston (0,7 foiz), Turkmaniston (0,4 foiz), boshqa davlatlar (2,1 foiz).