O‘zbekistonda yangi uylarni “yashil” energiyaga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

2025-yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurish rejalashtirilgan. Yangi Toshkent shahrining “yashil” energiyadan foydalaniladigan yangi tumanida qo‘shimcha 15 ming xonadon quriladi.

Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt/soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi.

Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan “uch generatsiya” tizimi orqali bo‘ladi. Buning hisobiga yoz mavsumida elektr sarfi 4 karra qisqaradi.

Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” texnologiyalar asosida bo‘ladi.

Prezident hududlardagi yangi ko‘p qavatli uylarni bosqichma-bosqich “yashil” energiyaga o‘tkazish muhimligini ta’kidladi.

Buni rag‘batlantirish maqsadida quriladigan uy-joyni energiya bilan ta’minlash uchun quyosh elektr stansiyalari bilan shartnoma tuzgan developerlarga bunday uylar uchun foyda solig‘i olinmaydi, kredit stavkasi 2 foiz arzon qilib beriladi.

Natijada developerning xarajati kamayadi, undan uy olgan odamlarga esa elektr arzonroq bo‘ladi.

Bundan tashqari, bunday “yashil uylar” quradigan developerlarga xalqaro liniyalardan mablag‘ jalb qilish imkoniyatlari keskin oshadi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekistonda 2025-yilda 135 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali bo‘ladigan qilib qurish rejalashtirilgan, deyiladi ushbu prezident yig‘ilishida. Deputat elektr energiyasidan yagona issiqlik manbai sifatida foydalanishni qo‘llab-quvvatladi.