Tashqi mehnat bozori ehtiyojlari va buyurtmalaridan kelib chiqib, 2025-yilda 40 ming o‘zbekistonlik xorijiy tillarga, 60 ming nafari esa kasb-hunarga o‘qitiladi. Bu haqda 17-yanvar kuni AOKAda Migratsiya agentligi rahbariyati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanovning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyadagi ish beruvchilar tomonidan hamshiralik bo‘yicha to‘xtovsiz talablar kelib tushmoqda. Shu bois 2025-yildan O‘zbekistondagi 14 ta tibbiyot texnikumida Germaniya standartlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
“Shuni inobatga olgan holda, prezidentimiz qarori bilan, O‘zbekistondagi Abu Ali ibn Sino nomidagi 14 ta tibbiyot texnikumi agentlikka biriktirildi, qurilish sohasidagi 13 ta texnikum va ularning o‘quv markazlari ham agentlik tasarrufiga o‘tkazildi. 2025-yildan 14 ta tibbiyot texnikumida Germaniya standartlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi, 3 yillik ta’limdan so‘ng ularning bitiruvchilariga nemis tili bo‘yicha B2 sertifikati, xalqaro diplom beriladi. Bu — tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha Germaniyada ishlash istagidagi yurtdoshlarimiz uchun qulaylik. Bundan tashqari, Ispaniya talabnomasi bo‘yicha payvandlash o‘quv laboratoriyasi tashkil etiladi va qurilish markazlari takomillashtiriladi. Ularda xorijiy ish beruvchilar bilan birga kasb va chet tillarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shma o‘quv kurslari ko‘paytiriladi”, — dedi agentlik mas’uli.
Foto: AOKA
Husanovning qayd etishicha, Germaniyaning Simson Private Akademie (metallga ishlov berish), SHB West (avtotexxizmat), Janubiy Koreyaning Hyundai (kemasozlik), Samsung (kemasozlik) kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha 13 ta qo‘shma o‘quv kurslari, 27 ta professional ta’lim muassasasida (14 ta tibbiyot, 13 ta qurilish va transport) yangi o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
“Mazkur kompaniyalar o‘zi tan olgan dasturlarni joriy etadi. Migratsiya agentligi texnik jihatdan va tashkiliy masalalar, ya’ni o‘quv binolari va yotoqxonalar bilan ta’minlash bo‘yicha yordamga tayyor ekanligini bildirgan”, — deydi Azimjon Husanov.
Ta’lim va migratsiya masalasida Germaniya bilan hamkorlik
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov 2024-yil 7-dekabr kuni prezident yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularni munosib haq to‘lanadigan ish bilan ta’minlashda Germaniya tajribasidan foydalanish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Unga ko‘ra, davlat rahbari Germaniya tajribasini o‘rganish va shu asosda texnikumlarning yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni dual ta’lim tizimiga (kadrlar tayyorlashning nazariy qismi ta’lim tashkiloti negizida, amaliy qism esa ish joyida olib boriladigan o‘quv turiga) o‘tkazish vazifasini qo‘ygandi.
2024-yil sentabrida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini nemis kompaniyalarida ishga joylashtirishni soddalashtirishga qaratilgan qator shartnomalar imzolangan edi. Bundan tashqari, Toshkentda hamshiralar tayyorlash bo‘yicha Germaniya tibbiyot akademiyasini ochish va Deutsche Bahn ishtirokida transport xodimlari uchun treninglar tashkil etish rejalari e’lon qilingan edi.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning Samarqandga tashrifi doirasida 10 ga yaqin ikki tomonlama hujjatlar imzolangandi. Ular orasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ham bor edi. Bandlik vazirligining sobiq rahbari Behzod Musayev ushbu kelishuvni sharhlar ekan, 2024-yilda 800 nafar o‘zbekistonlik hamshira Germaniyaga yuborilishini, ular kamida 2200 yevrodan maosh olishini ta’kidlagandi.
O‘zbekistondagi kollejlar taqdiri
Sentabr oxirida O‘zbekistondagi barcha kollej va kasb-hunar maktablari texnikumlarga aylantirilishi, binolarning bir qismi maktablar uchun berilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Texnikumlar qisman akademik mustaqillikka ega bo‘ladi va pullik xizmatlar ko‘rsata oladi. Ulardan 14 tasida Britaniyaning BTEC dasturi joriy etiladi.