Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Yevropa kengashining yangi prezidenti Antoniu Koshta bilan ilk marta telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Antoniu Koshtani Yevropa kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan tabrikladi.
“Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani va barcha ustuvor yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
2024-yilda O‘zbekistonning YeI mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli esa 30 milliard yevroga yetdi.
O‘tgan yili o‘ta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi. Transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, “yashil” iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Tomonlar 2022-yil 6-iyulda parafirlangan O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishiga ishonch bildirdi. Bu “munosabatlarning butun majmuini rivojlantirishga jiddiy turtki bo‘lishi” kutilmoqda.
O‘zbekiston rahbari va Yevropa kengashi rahbari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Aprel oyida Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YeIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar “Gazeta.uz”ga Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishining ehtimoliy muddatlari haqida fikr bildirgan edi.
“Biz hujjatning imzolanishi yaqin kelajakda bo‘lib o‘tishiga umid qilamiz. Hujjatning to‘liq tugallanishi va uni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish nuqtayi nazaridan qayta ishlanishi kerak bo‘lgan ba’zi tafsilotlar ham bor. Ammo ishlar davom etmoqda va u yakunlangach, prezident Shavkat Mirziyoyev uni imzolash uchun Bryusselga tashrif buyurishiga umid qilamiz”, — degandi diplomat 2024-yil noyabrida.