Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, elektrotexnika sanoatini 2025−2027-yillarda rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

2025-yil 1-fevraldan quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi:

  • bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi;
  • bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun bojxona hududida qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi;

ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning va davlat organlarining ma’muriy bino-inshootlarini, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini qurish bo‘yicha xarid qilish hujjatlariga quyidagi talablar kiritiladi:

  • pudratchilar zarur tovarlarni Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi va Elektron kooperatsiya portalidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi;
  • zarur tovarlar portallarda mavjud bo‘lmasa, tasdiqlovchi ma’lumotnomalar asosida ularni boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi;
  • Ishlab chiqaruvchilar ekotizimida savdolar davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida elektron do‘kon tartib-taomillari asosida, shartnoma qiymati bilan bog‘liq cheklovlarsiz o‘tkaziladi, bunda ofertalar mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.

Qarorga muvofiq, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni joriy etgan elektrotexnika sanoati korxonalariga yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan e’tiboran 3 yil muddatga quyidagi soliq imtiyozlari beriladi:

  • foyda solig‘ining nol darajali stavkasini qo‘llash;
  • mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod etish.

Elektrotexnika sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan ommaviy savdolar orqali sotib olinadigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha to‘lovlarini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga rozilik beriladi.

Jizzax viloyatidagi 1-son politexnikumi hamda Toshkent viloyatidagi Ohangaron shahar politexnikumi huzurida injenerlik maktablari tashkil etiladi.

2025−2027-yillarda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarning mahalliy kapital bozorida qisqa (1 yilgacha) va o‘rta (5 yilgacha) muddatli obligatsiyalarini joylashtirish va xalqaro kapital bozorlarida 2 ta tarmoq korxonasining yevroobligatsiyalarini chiqarish hisobiga resurs jalb qilishga ruxsat beriladi.

Elektrotexnika mahsulotlari eksportini yanada jadallashtirish uchun yangi “Eltechexport” moliyalashtirish liniyasi joriy etiladi.