23-yanvar kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda quruvchilar ko‘taradigan masalalar, jumladan, yer olish, kreditlar, qurilish uchun ruxsatnomalar, infratuzilma, obyektlarni ishga tushirish va uy-joylarni sotish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

O‘tgan yili 5 ming xonadonli 150 ta ko‘p qavatli uy aylanma mablag‘ yetmagani uchun bitmay qolgan. Bu borada banklarning xorijdan jalb qilingan mablag‘dan 310 million dollarni quruvchilarga aylanma uchun berish taklifi ma’qullandi.

алishyer қодиров

18 ming xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmagan. Mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, har bir holatni o‘rganib, masalaning yechimi bo‘yicha Hukumatga taklif kiritish topshirildi.

Hududlarda liftlarni qabul qilish 2−3 oyga cho‘zilayotgani sababli har bir viloyatda kamida 2 tadan brigada tashkil qilish, 20 nafardan aholini liftlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda joriy yilda 135 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali bo‘ladigan qilib qurish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev markaziy va ichki ko‘chalarni yoritishda elektr energiyasining ortiqcha sarfini kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Deputat, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov yangi uylarda yagona issiqlik manbai sifatida elektr energiyasidan foydalanishni rag‘batlantirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

“Gaz qimmat resurs, 1 kub gazdan 10 ga yaqin yuqori qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xorijga sotish va uning puliga millionlab qorako‘zlarimizga ish o‘rni yaratish mumkin. Tillaqatori milliardlab kub gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqni kosasi oqarmaydi”, — deydi u.

Uning fikricha, O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va undan gaz o‘rniga foydalanishni o‘rganish kerak.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda renovatsiya dasturi doirasida joriy yilda 20 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi.

Uy-joy sohasida yashirin iqtisodiyotni yanada qisqartirish maqsadida yangi uy-joy sotib olgan fuqarolarga to‘langan mablag‘larning bir qismini keshbek shaklida qaytarish rejalashtirilgan. Quruvchilarga qonuniy ravishda uylarni topshirishdan oldin xizmat ko‘rsatish kompaniyalari bilan shartnomalar tuzish majburiyati yuklatiladi.

Ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun yerlarni faqat QQS to‘lovchilar sotib olishi mumkin.