Oliy Majlis Senati “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqdi. Qonunchilik palatasi bu hujjatni 2023-yil 28-noyabr kuni qabul qilgan.
Hujjat Senatda birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqdi. O‘sha majlisda Senat qonunni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytargan edi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2021-yilda 40 542 ta, 2022-yilda 47 365 ta va 2023-yilda 41 866 ta, 2024-yilda 31 436 ta huquqbuzarlik aniqlangan.
Faqatgina 2024-yilda qariyb 8 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi aniqlangan.
Mast holda transport vositasini boshqarish oqibatida 2020−2024-yillarda qariyb 600 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida ushbu davrda 322 nafar fuqaro halok бўлgaн.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga:
- Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik;
- transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik;
- siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan “agressiv boshqarish”, “drift”, “shaxmat” shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, prezidentga imzolash uchun yuborildi.