Oliy Majlis Senati ichki ishlar organlari xodimlarining ish faoliyatiga oid foto va videolavhalarni “obro‘sizlantirish maqsadida” internet tarmog‘ida e’lon qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqdi.
Qonunchilik palatasi bu hujjatni 2023-yil 28-noyabr kuni qabul qilgan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 99-moddasiga muvofiq Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay Senatga yuboriladi. Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun prezidentga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, qonun Qonunchilik palatasi tomonidan imzolanishi va e’lon qilinishi uchun prezidentga yuboriladi.
Parlament quyi palatasining 2023-yil 28-noyabrdagi qarorida ham agar Senat ushbu qonun Senatga kelib tushgan kundan boshlab 60 kun ichida tegishli qaror qabul qilmasa, hujjat bevosita prezidentga yuborilishi aytilgan. Shunday qilib, agar Senat 2024-yil 5−6-fevralgacha yig‘ilish o‘tkazmasa va ushbu qonun yuzasidan qaror qabul qilmasa, u prezidentga imzolanish uchun yuborilishi lozim edi.
Hujjatni Senat birinchi marta 2024-yil 16-avgust kuni ko‘rib chiqdi. Ushbu majlisda Senat qonunni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytargan edi.
O‘shanda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov qonunni, ayniqsa, jarima ballari va “huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida” videolavhalar e’lon qilishni taqiqlash bo‘yicha normalarni takomillashtirish zarurligini aytgandi.
Senat 24-yanvar kuni ushbu kelishuv komissiyasi tomonidan qayta ishlangan qonunni ko‘rib chiqdi. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qòmitasi raisi raisi Qutbidin Burxanov komissiya tomonidan kiritilgan o‘zgarishlar haqida ma’ruza qildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 195−2-moddasi qayta ishlandi. Burxanovning qayd etishicha, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirishi va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolingan. (Lekin qonunning avvalgi versiyasida ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish taqiqlanishi belgilanmagan edi — tahr).
“Kelishuv komissiyasida fuqarolarning ushbu huquqi cheklanmasligi kerakligi haqida yakdil xulosaga kelingan. Ya’ni, fuqarolar organ xodimlarining xatti-harakatini bemalol tasvirga tushirishi ham, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi ham mumkin. Organ xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda, bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti”, — dedi senator.
“Qonun faqatgina xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslikni, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va holatni buzmaslikni, montaj qilmaslikni talab etmoqda”, — dedi ma’ruzachi.
Uning qayd etishicha, yangi taklif etilayotgan modda va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yolg‘on axborot tarqatishga oid amaldagi 202−2-moddasi o‘rtasida kolliziya ham bartaraf etilgan, xususan:
Birinchidan, yangi kiritilayotgan moddaning dastlabki tahrirda qo‘llanilgan “yolg‘on, noaniq” degan so‘zlar chiqarib tashlandi. Ya’ni, 202−2-moddada “qadr-qimmatni kamsituvchi yoki obro‘sizlantiruvchi yolg‘on axborot”, 195−2-moddada esa, “obro‘sizlantiruvchi buzilgan axborot”ni tarqatish taqiqlangan.
“Bu yerda huquqbuzarlik predmeti sifatida aynan buzilgan, montaj qilib tarqatilgan axborot nazarda tutilmoqda. Ushbu norma amaldagi qonunchilikda belgilangan majburiyatlarga ham mos keladi. Xususan, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasida axborotni buzib talqin etish taqiqlangan bo‘lib, tarqatilayotgan axborotning haqqoniyligi uchun javobgarlik axborot muallifi zimmasiga yuklatilgan”, — dedi Burxanov.
Ikkinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasining obyekti muayyan bir fuqaroning buzilayotgan huquqlari bo‘lsa, muhokama etilayotgan yangi modda xodim shaxsini emas, davlatning huquqni muhofaza qilish tizimini himoya qilishga qaratilgan, deya ta’kidladi ma’ruzachi.
Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195−2-moddada javobgarlik yuzaga kelishining qo‘shimcha sharti nazarda tutilganligi bilan asoslanadi. Ya’ni, foto yoki videotasvir xodimning jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan bo‘lishi lozim.
Uchinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik takroran sodir etilsa, Jinoyat kodeksning 244−6-moddasiga asosan jinoiy javobgarlik kelib chiqadi, yangi kiritilayotgan huquqbuzarlik esa faqat ma’muriy javobgarlik bilan cheklanmoqda.
“Shu bilan birga ushbu moddani qabul qilish uchun shart-sharoit o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Chunki, ijtimoiy tarmoqlar va Internet so‘nggi yillarda hayotimizga chuqur kirib keldi, ularda tarqatilayotgan material qamrovi ommaviy axborot vositalariga nisbatan karrasiga oshib ketdi. Bu o‘z navbatida virtual makonda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni turli xil buzib tarqatilgan axborot xurujlaridan himoya qilish orqali jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zaruratini keltirib chiqarmoqda”, — dedi Burxanov.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jazo miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqildi:
- qat’iy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima — 20 baravardan 50 baravargacha qilib;
- qat’iy belgilangan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish — 10 sutkagacha, ma’muriy qamoqqa olish muddatiga deb qisqartirilmoqda, ya’ni holatdan kelib chiqib sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Shundan kelib chiqib, kelishuv komissiyasi tomonidan ushbu modda quyidagi tahrirda qayta ishlandi:
“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto — va (yoki) videotasvirini ularni obro‘sizlantirishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish”.
Qonun Senat tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.