Mashhur nemis arxitektori va DOM Publishers kompaniyasi rahbari Filipp Moyzer 2025-yilda Toshkent arxitekturasi va mozaikasiga bag‘ishlangan uchta kitob nashr etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Moyzerning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda nemis tilida nashr etilgan aka-uka Jarskiylar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitob shu yilning yozida ingliz va rus tillarida nashr etiladi.

“Meni nega aka-uka Jarskiylar mozaikalarining birortasi hali ham YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilmagani ajablantiradi. Hukumat hozir boshqa binolarni kiritish uchun ariza berdi, lekin bu go‘zal mozaikaga ega turar joy binolari ro‘yxatga qo‘shilmadi. Bu men uchun hayratlanarli, chunki mening tadqiqotlarimga ko‘ra, turar joy binolaridagi mozaikaning bunday konsentratsiyasi global miqyosda noyob hisoblanadi”, — dedi noshir.

Foto: Yevgeniy Sklyarevskiy / Facebook.Foto: Yevgeniy Sklyarevskiy / Facebook.

Aka-uka Jarskiylar Toshkentda 200 dan ortiq fasadlarni loyihalashtirgan, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa shaharlarida va sobiq SSSR respublikalarida: Moldova, Gruziya, Rossiya va Tojikistonda ishlagan.

Filipp Moyzer O‘zbekistonda arxitektura va turizmga qiziqishni rivojlantirish uchun bunday kitoblar muhimligini ta’kidlaydi.

“Samarqand, Buxoro va Xivani ko‘pchilik biladi, ammo Toshkentning me’moriy xususiyatlaridan kam odam xabardor. Sovet modernizmi va Jarskiy mozaikalari sayyohlar uchun yangi diqqatga sazovor joy bo‘lishi mumkin”, — deb hisoblaydi u.

“Toshkent mozaikalari” loyihasining ilmiy rahbari Fotima Abdurahmonova muallifligida alohida qo‘llanma ishlab chiqilmoqda. Kitob to‘liq poytaxt mozaikasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda nafaqat aka-uka Jarskiylar, balki shaharning o‘ziga xos qiyofasini yaratishga hissa qo‘shgan boshqa rassomlarning ham asarlari kiritiladi.

DOM Publishers, shuningdek, Toshkentga arxitektura qo‘llanmasining yangi nashrini tayyorlamoqda. Bu uchinchisi bo‘ladi. 13-yanvar kuni Gyote institutida bo‘lib o‘tgan Toshkent bo‘yicha qo‘llanmaning ikkinchi nashri taqdimoti yuzasidan plagiat va mualliflik huquqini buzish ayblovlari paydo bo‘ldi. Hozirda nashriyot veb-saytida kitob savdosi to‘xtatilgan, ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha dalillar to‘plash yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Filipp Moyzerning ta’kidlashicha, agar plagiat tasdiqlansa, ko‘r-ko‘rona ko‘chirilgan matnlar qo‘llanmaning uchinchi versiyasiga kiritilmaydi.

“Biz kitob olti oy oldin nashr etilgani uchun yangilash imkoniyatidan foydalanishga ham qaror qildik. Yozgacha bir yil o‘tadi, Toshkentni obodonlashtirish davom etmoqda. Biz qo‘llanmadan ba’zi obyektlarni chiqarib tashlaymiz va yangilarini qo‘shamiz, ya’ni uchinchi nashri boshqacha bo‘ladi, lekin mazmunning katta qismi o‘zgarishsiz qoladi”, — deya xulosa qildi noshir.