Hukumatning 21-yanvar kungi qarori bilan xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Tashkilotlardagi xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishning maqsadi tashkilotlardagi xodimlarning kasbiga munosibligi darajasini xolisona baholash, belgilangan malaka talablariga muvofiqligini aniqlash, zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish imkoniyati mavjudligini aniqlashdan iborat.
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tartibi, muddatlari va ularni amalga oshiruvchi tashkilotlar;
- xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi, muddatlari, attestatsiya turlari hamda attestatsiyadan o‘tkaziladigan xodimlar toifalari;
- attestatsiya komissiyasining tarkibini shakllantirish va faoliyatini tashkil etish;
- attestatsiya natijalari bo‘yicha appelyatsiya berish va uni ko‘rib chiqish qoidalari.
Xodimlar davriy attestatsiyadan quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:
- xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbar xodimlari, ularning markaziy attestatsiya komissiyalari raislari va rais o‘rinbosarlari — besh yilda bir marta;
- muhandis-texnik xodimlar, shuningdek, attestatsiya komissiyalari a’zolari — uch yilda bir marta;
- xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotlarda faoliyat yuritadigan boshqa ishchi-xodimlar — bir yilda bir marta.