Hukumat qarori bilan hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha biotexnik tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali.
️Nizom hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha biotexnik tadbirlarni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Biotexnik tadbirlar — bu hayvonot dunyosiga qulay sharoit yaratish va uni muhofaza qilish uchun amalga oshiriladigan maxsus tadbirlar.
Bundan tashqari nizom biotexnik tadbirlar doirasida quyidagilarni nazarda tutadi:
- o‘tkazish maqsadi va usullari;
- rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi;
- o‘tkaziladigan hududlar hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha talablar;
- o‘tkazish yakunlarini monitoring qilish va ularning natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotnomani rasmiylashtirish;
- moliyalashtirish tartibi.
Shuningdek, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha biotexnik tadbirlar belgilangan sxemaga muvofiq o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil noyabr oyida fuqarolar saqlashi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlangandi. O‘️zbekistonda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlaganlar 18 mln 750 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi. Qolaversa, aholi punktlarida egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini ko‘rmagan mansabdorlarga 1 mln 875 ming so‘mdan 11 mln 250 ming so‘mgacha jarima qo‘llanadi.
Shuningdek, davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlangan.