Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni ipoteka dasturi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bundan buyon ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Yig‘ilishda aytilishicha, oxirgi uch yilda jismoniy shaxslar ko‘p qavatli uy qurish uchun auksiondan 47 gektar yer sotib olgan, lekin aksariyatida qurilish boshlanmagan.
Prezident ko‘p qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotilishi qurilishga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida amalga oshirilayotganini aytdi.
Shuningdek, davlat rahbari hozirda 14 ming 775 ta ko‘p qavatli uylarga tutash yer mulkdorga biriktirilmagani uchun boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatishi kerak bo‘lgan hududlar chegarasi aniq emasligi aytildi. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga bu uylarga tutash yerlar chegarasini belgilash va egasiga biriktirish topshirig‘ini berdi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda developerlar uyni topshirishdan oldin servis kompaniyalari bilan shartnoma tuzishini, ularni o‘qitishni tashkil etishini, qurilish xarajatlarining 2 foizini uy atrofida yashil hudud yaratishga yo‘naltirishini qonun bilan mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.