Toshkent viloyatida Qibray tumaning Baytqo‘rg‘on shaharchasini Parkent tumani bilan bog‘lovchi elektrlashtirilgan temiryo‘l qurilishi boshlandi. Bu haqda “Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli” kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, elektrlashtirilgan temiryo‘lning umumiy uzunligi 23,8 kilometrdan iborat bo‘ladi. Yangi yo‘nalishni loyihalash ishlari “Boshtransloyiha” AJ, qurilish ishlari esa temiryo‘lchi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
“Bu nafaqat mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratadi, balki mamlakat turizm sektoriga ham katta foyda keltiradi. Elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi, albatta, bu jarayonni yanada osonlashtiradi. Chunki transport aloqalarining yaxshilanishi sayohatchilarni ko‘proq jalb qilishga yordam beradi. Endilikda Toshkent viloyati Parkent tumani ham sayyohlik manziliga aylanadi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Avvalroq Toshkentdan Xo‘jakentgacha bo‘lgan elektropoyezd qatnovi 1,5 km masofaga — Chorvoq shaharchasida yaqinida joylashgan “Chinorkent” bekatigacha uzaytirilgani haqida xabar bergandik.