Buxoroda yashagan 33 yoshli ayol tug‘uruqxonada vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 1992-yilda tug‘ilgan fuqaro Z.O. 2024-yilning 12-dekabr kuni Buxoro viloyati perinatal markaziga qabul qilingan. O‘shanda ayolda kuchli shamollash alomatlari: yo‘tal, tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi, qog‘onoq suvlarining ketishi, umumiy holsizlik holatida bo‘lgan.
Bemorda ushbu homiladorlik kamqonlik fonida kechgan. Homiladorlikning 14 haftalik muddatida, ya’ni 14-iyun kuni jigar exinokoki tashxisi bilan operativ davolangan. Kerakli barcha klinik laborator, instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgan. Kerakli mutaxasislar konsultatsiyasi o‘tkazilgan.
SSB xabarida konsilium asosida standartlarga ko‘ra kerakli davo buyurilgan, kuzatuv davom ettirilgani aytiladi. Ayolda tug‘ruq milliy standart asosida olib borilgan, operativ tug‘ruqqa ko‘rsatma bo‘lmagan.
13-dekabr kuni soat 7:00 da tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi kuzatilgan. Paratsetamol dorisi berilgan. Kelishilgan shifokorlar konsiliumidan keyin tor mutaxasislar pulmonolog va jarrox shifokor ko‘ruvi tashkil qilingan. Soat 12:30 da esa muntazam tug‘uruq dardlari boshlangan.
Soat 14:25 ga kelib jadallashgan tug‘uruq sodir bo‘lgan. Qiz jinsli chaqaloq 4 kilo 100 gramm og‘irlikda dunyoga kelgan. Ayol bir vaqtda 250 mln qon yo‘qotgan, unda bachadon gipotoniyasi kuzatilgan. Bemorda nafas yetishmovchiligi boshlanib, terisining rangi oqara boshlagan.
Bemor ko‘rsatma asosida sun’iy nafas apparatiga ulangan va intensiv reanimatsion chora-tadbirlar boshlangan. Bemorda kardiomonitorda yurak fibrilyatsiyasi aniqlangan. Puls periferiyada aniqlanmagan. Yurak faoliyatini tiklash maqsadida defibrilyatsiya va yurak bevosita massaji qilingan.
15:05 da bemor ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi, teri sianozi kuchaygan. Ko‘z qorachig‘i kengaygan, yorug‘likka reaksiya kuzatilmagan. 40 daqiqa davomida o‘tkazilgan o‘pka-yurak reanimatsion chora-tadbirlari natijasida ham yurak faoliyati tiklanmagan. Ayolda soat 15:15 da biologik o‘lim qayd qilingan.
Marhuma sud tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazildi va o‘lim sababi qog‘onoq suvlari emboliyasi tasdiqlangan. Holat yuzasidan Buxoro davlat tibbiyot institutining professor-mutaxassislari ishtirokida xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan va Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mutaxassislari ishtirokida chuqur muhoqama qilingan.
Tibbiy hujjatlar yuritilishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar — markaz 2-tug‘uruq bo‘limi mudiri S.Rabiyevga hamda davolovchi akusher-ginekolog Z. Musinovaga o‘rtacha oylik maoshidan 30 foiz jarima qo‘llanilib, boshqa bo‘limga rotatsiya qilingan.