O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Temur Kapadze jamoa o‘quv mashg‘uloti yig‘inida ishtirok etish uchun Qatarga yetib bordi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.
Jamoa ayni damda Dohada mashg‘ulotlarini davom ettirarkan, Kapadze kutilmagan tayinlov va oldinda turgan rejalari haqida kichik intervyu berdi.
“Birinchi navbatda, Srechko Katanetsga sog‘liq tilaymiz. Hammamiz uning oxirigacha olib borishini xohlardik, lekin qo‘limizda emas. Sog‘liq har doim birinchi o‘rinda turadi. O‘zimga keladigan bo‘lsak, bilasiz, kecha rahbariyat tarafidan nomzodim tasdiqlandi. Terma jamoa begona emas, ko‘p yillar davomida himoya qilganmiz, ham murabbiy, ham yordamchi murabbiy bo‘lganmiz. Terma jamoa har doim men uchun ustuvor bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, — dedi u.
“Biz xuddi askardek, vazifa berildi va uni bajarishimiz kerak. Keldik, mana, birinchi kun. Murabbiylar shtabi va futbolchilar bilan gaplashdik. O‘ylaymanki, hammasi joyida bo‘ladi. Yig‘inni yaxshi o‘tkazamiz. Yangi futbolchilar ham bor, mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Oldinda mart oyida muhim ikkita uchrashuv bor. Unga ham yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz, chunki oz muddat qoldi. Albatta, eng asosiysi, hamma sog‘-omon bo‘lsin, o‘sha yig‘inga yaxshi formada kelishsin”, — deya qayd etdi Temur Kapadze.
U so‘zida davom etarkan, jahon chempionatiga chiqish uchun nima qilish kerak bo‘lsa, barchasini qilishni, bunga futbolchilarning qobiliyati ham, kuchi ham yetishini aytdi.
“Oldimizga qo‘yilgan vazifa — jahon chempionati. Oxirgi palladamiz, eng muhim uchrashuvlar turibdi. Albatta, bu o‘ziga yarasha mas’uliyat va bosim. Qiyin paytda olishga to‘g‘ri keldi, chunki vaqt yo‘q edi. Lekin hammasi joyida bo‘ladi, deb o‘ylayman. Nima kerak bo‘lsa, hammasini qilamiz. Chunki boshqa yo‘li ham yo‘q. O‘ylaymanki, futbolchilarning qobiliyati ham, kuchi ham — hammasi yetadi. Muxlislarimizning duosi va qo‘llab-quvvatlashi ham katta rol o‘ynaydi, albatta. Birgalikda katta kuchga aylanmiz. Faqat birgalikda bunga erishishimiz mumkin. O‘ylaymanki, biz kerakli natijani qo‘lga kiritamiz”, — deya ta’kidladi terma jamoa bosh murabbiyi.
Eslatib o‘tamiz, sobiq murabbiy Srechko Katanets sog‘lig‘idagi muammolar sabab vazifasidan ozod etilgandi. Uning o‘riga O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiyi Temur Kapadze qo‘yildi. Bunda uning “murabbiylik iste’dodi, mas’uliyati, jamoa a’zolari orasida mavqei” inobatga olindi.
JCH-2028 saralashining 3-bosqichi “A” guruhida 6 ta o‘yindan so‘ng Eron 16 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekiston 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinda, BAA esa 10 ochko bilan uchinchi o‘rinda. Qatar (7), Qirg‘iziston (3) va KXDR (2) qolgan o‘rinlarni egallab turibdi. Saralash yakunlanishigacha O‘zbekiston jamoasi quyidagi 4 ta o‘yinni o‘tkazishi kerak:
- 20-mart: Qirg‘izistonga qarshi uyida;
- 25-mart: Eronga qarshi mehmonda;
- 5-iyun: BAAga qarshi mehmonda;
- 10-iyun: Qatarga qarshi uyida.