Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 23-maktab direktori o‘qituvchilarga o‘quvchilar formasi uchun pul yig‘ishga ko‘rsatma berayotgani aks etgan video tarqaldi.

Maktabning Telegram guruhiga yuborilgan videoxabarda u direktor o‘rinbosarlariga topshiriq bergani, ertadan 2 ta sinf o‘quvchilarini forma (nimcha) bilan ta’minlash uchun tikuvchi kelishini hamda buning uchun har bir o‘quvchi ota-onasidan 70 ming so‘m olish kerakligini aytgan.

“…Sinf rahbarlar, sizlarga bugundan topshiriq. Biji-biji gap kerakmas. O‘sha 70 mingni ota-ona 35 mingdan qilib ikki kunga ovqatlanishga beradi, shuni esingizdan chiqarmang. Chiroyli qilib tushuntirsangiz, ular sizga 70 ming emas, kam ta’minlanganlaringizni ham pulini 150 ming qilib jo‘natib yuboradi. Endi mahorat sizniki, sinf rahbarlar. Agar bijing-bijing, vijing-vijing gap chiqadigan bo‘lsa, mendan xafa bo‘lmang”, — deydi u videomurojaatida.

Direktor so‘zida davom etarkan, 10-fevralgacha hamma o‘quvchilar ana shu nimchada bo‘lishi shartini qo‘yadi. O‘qituvchilardan “ota-ona bilan kelishish ularning iste’dodi va fantaziyasiga bog‘liqligini, agar birorta gap chiqsa, xafa bo‘lmasliklarini” uqtiradi.

“Birortasi qolib ketmasligi kerak. Agar o‘sha kiymi bo‘lmasa, darvozadan tashqariga chiqarib yuboraman. Menga formasiz o‘quvchi kerak emas”, — deya ta’kidladi direktor.

Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganini va maktab direktori F.Shuhratova haqiqatdan shunday ko‘rsatma berganini bildirdi.

Natijada unga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining 25 foizi (1 mln 406 ming so‘m) miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Maktab jamoasiga kelgusida ushbu holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish berilib, maktab sinf rahbarlaridan tushuntirish xatlari olingan.

Boshqarma ta’lim tashkilotida majburiy tartibda o‘quvchilarni forma kiyishiga doir pul mablag‘larini yig‘ish va tashkil etish qat’iyan taqiqlanishini eslatib o‘tdi va bu kabi salbiy holatlarini keskin qoralashini qayd etdi.

2024-yilning avgust oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov 2024/2025 o‘quv yilida maktablarda o‘quvchilar uchun majburiy forma joriy etilmasligini ma’lum qilgandi. “Hozirga qadar o‘quvchilar uchun ayni bir xil forma kiyilsin, degan qattiq talab qo‘yilmadi. Demak, joriy yilda ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi”, — degandi u.