Toshkentda 6 yoshli bola issiq suv bilan to‘ldirilgan kanalizatsiya qudug‘iga tushib ketib halok bo‘lgani xabar qilingandi. “Gazeta.uz” voqea yuzasidan o‘qilgan sud hukmi bilan tanishdi.
Hodisa Uchtepa tumanida 2024-yilning 9-iyul kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Bola do‘konga borish uchun uyidan chiqib ketgan va g‘oyib bo‘lgan. Ertalab uning jasadi temir sexi maydonidagi ochiq suv quvuri ichidan topilgan.
Sudga oid tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, A.A.ning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarini suyuqlik bilan berkilishi, issiq suyuqlikdan I-II darajali 100 foiz tana yuzasining termik kuyishi aniqlangan.
O‘sha kuni Kommunalchi Issiqlik Quvvatta’mir MCHJning tashqi trubalarni ta’mirlash montajchisi A.U. yer ostidan o‘tgan issiqlik trubalari joylashgan quvurda temir-beton qoplamasi olib tashlagan holda ta’mirlash ishlarini amalga oshirilgan. Biroq jarayoni yakuniga yetmagan va quvur to‘siq panjalar o‘rnatilmay ochiq holatda qolgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi hukmi bilan 32 yoshli ayblanuvi A.U. Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qism “a” bandi (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan aybli deb topildi.
Unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 15 foizi davlat daromadiga ushlab qolingan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.