Toshkent shahri Bektemir tumanida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan Ozarbayjon fuqarolaridan pul talab qilgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda IIV Tezkor-qidiruv departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1983-yilda Ozarbayjon davlatida tug‘ilgan shaxs akasi bilan birga Bektemir tumanida joylashgan bozorda sitrus mevalarning savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.
Ushbu shaxs 10-yanvar kuni Tezkor qidiruv departamentiga ariza bilan murojaat qilib, tanishi bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bilan 2024-yilning noyabr oylarida vaqtincha yashash uyida mehmondorchilik qilayotgan vaqtida ular orasida tushunmovchilik kelib chiqqanini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng jinoiy guruh vakili jabrlanuvchiga nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganini bahona qilib, 2024-yil 15-dekabr kuni o‘zining jinoiy sherigi, 1974-yilda Ozarbayjonda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsni Toshkent shahriga chaqirtirgan.
Uning yordamida jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazib, sha’niga aytilgan gaplar uchun javob berishi lozimligini va tovlamachilik yo‘li bilan 5 ming dollar miqdoridagi pullarni talab qilgan. Shundan 1500 dollarni 15-dekabr kuni olib ketgan bo‘lsada, yana 3500 dollarni talab qilib kelgan.
Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan 10-yanvar kuni Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, gumonlanuvchilar tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib kelayotgan, 3500 dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qism “v” bandi (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 3 nafar shaxs Jinoyat protsessual kodeksning 227-moddasi (Surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.