O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Turkiyaning Bolu muzofotidagi tog‘-chang‘i kurortida yuz bergan kuchli yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anga hamdardlik yo‘lladi.
Prezident matbuot kotibining yozishicha, davlat rahbari “qardosh Turkiya yetakchisi va xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlatimiz rahbari marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi”.
Eslatib o‘tamiz, yong‘in 21-yanvarga o‘tar kechasi 11 qavatli mehmonxonaning to‘rtinchi qavatida boshlangan, u tez orada butun binoni qamrab olgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 66 kishi halok bo‘ldi, yana 51 kishi jarohatlandi.
Adliya vaziri Yilmaz Tunch mehmonxonadagi yong‘in bilan bog‘liq tergov doirasida 4 kishi, jumladan, biznes egasi ham qo‘lga olinganini bildirdi.
Anadolu agentligining xabar berishicha, prezident Erdog‘an yong‘in tufayli mamlakatda bir kunlik milliy motam e’lon qilgan.
O‘zbekiston elchixonasi jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini ma’lum qildi.