Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” koni joylashgan hududda gaz chiqayotgani, olovli maydonlar hisol bo‘lgani aks etgan videotasvir paydo bo‘ldi. Energetika vazirligi buni kon hududidagi kichik hajmda to‘plangan gaz deb atadi va uni xavfsiz yoqish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, “M-25” hududida hech qanday kutilmagan vaziyat kuzatilmagan. Bugungi kunda 2024-yil sentabr oyida metan emissiyasi sodir bo‘lgan quduq o‘rnida obyektni konservatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti, qayd etdi tashkilot.
Jumladan, 604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘shliqlar va kollektorlardagi mikroyoriqlarda kichik hajmdagi gaz to‘plangan.
Ayni paytda hududda kichik hajmda to‘plangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Energovazirlikning tushuntirishicha, bundan ko‘zlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat.
“Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlari mazkur texnologik jarayonning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar boshqacha talqin qilishi mumkin bo‘lgan bir qator operatsiyalardan iborat.
Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz koni quduqlaridan birida 1-sentabr kuni burg‘ilash ishlari vaqtida texnogen falokat yuz bergan edi, sentabr o‘rtalarida “Gazeta.uz” jamoasi u yerdan reportaj tayyorlagan edi.
Tahririyat a’zolari 1−2-noyabr kunlari Boysunda bo‘lib, texnogen ofatdan eng ko‘p aziyat chekkan Kofrun shaharchasi aholisi, Boysundagi texnikum yotoqxonasiga evakuatsiya qilingan oilalar, gazdan zaharlanib, davolanishda bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, quduqdagi ikkinchi avariya oqibatida halok bo‘lgan yigitlardan birining qarindoshi bilan suhbatlashgan. Mavzu bilan batafsil quyidagi linklar orqali tanishish mumkin.