Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni Hisob palatasining 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar yakunlari va 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy vazifalariga bag‘ishlangan taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
So‘nggi yillarda Hisob palatasining ish uslubi o‘zgartirilib, hududlarda budjet intizomiga ko‘mak beruvchi hamkor idoraga aylantirildi. Oldingi tekshiruv tizimi o‘rniga xalqaro standartlar asosida audit tizimi joriy qilindi. Jahon bankining “Tashqi audit indikatori”da O‘zbekiston “yaxshi” darajaga ko‘tarildi, deya eslatdi prezident matbuot xizmati.
Prezidentning 2024-yilgi “Budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida vazirliklar va davlat organlarida ichki audit tizimini takomillashtirish, shuningdek, tizimni raqamlashtirish, konsolidatsiyalashgan budjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Tashkilotning raqamli transformatsiyasi jarayoni davom etmoqda: “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etildi, unga 34 ta vazirlik va idora integratsiya qilindi.
Natijada 2024-yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan 3,7 trillion so‘m budjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minladi. Vazirlik va idoralarning 9,2 trillion so‘mlik samarasiz xarajatlari maqbullashtirildi, 2,3 trillion so‘mlik moliyaviy kamchiliklar oldi olindi. Davlat xaridlariga oid 4,5 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etildi, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda bu boradagi tizimli ishlarni joriy yilda ham davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga 110 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadi. Bu orqali joriy yilda 480 trillion so‘mlik budjet xarajatlari monitoringi to‘liq qamrab olinadi.
Budjet daromadlarining qo‘shimcha manbalarini aniqlash, moliyaviy va boshqa risklarning oldini olish, davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning moliyaviy faoliyatini nazorat qilish doimiy vazifa bo‘lib qolmoqda.
Joriy yilda budjetga 309 trillion so‘m daromadlar tushishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro standartlar asosida auditdan o‘tkazish amaliyoti boshlanadi.
Prezident barcha davlat idoralarida moliyaviy intizom va tejamkorlikka qat’iy amal qilinishi zarurligini ta’kidladi.