16-yanvar holatiga ko‘ra, Turkiyada soxta spirtli ichimliklardan zaharlanish oqibatida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining soni 11 nafarga yetdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi. Keyinchalik konsulxona so‘nggi marhum haqidagi ma’lumotni Telegram kanalidan olib tashladi.

Konsullika 15-yanvar kuni to‘rt nafar fuqaroning (barchasi erkak) soxta spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida vafot etgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Bir kun o‘tib, Istanbul morg idorasi yana bir O‘zbekiston fuqarosi soxta spirtli ichimlik iste’mol qilish oqibatida vafot etganini tasdiqlagan.

Keyinchalik bosh konsulxona Istanbul morg idorasi tomonidan fuqarolar vafoti bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar yuzasidan aniqlik kiritish ishlari davom ettirilayotganini ma’lum qildi.

Spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida vafot etganlar soni 10 nafarni tashkil etadi. Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun bosh konsullikning rasmiy sahifasini kuzatib boring, deyiladi axborotda.

14-yanvarda 35−40 yosh atrofidagi 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham qalbaki spirtli ichimlik iste’moli oqibatida zaharlangani va vafot etgani xabar qilingandi.

Ta’kidlanishicha, Istanbuldagi bir nechta shifoxonalarning jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolayotgan fuqarolar bor. Diplomatlar ularning holidan xabar olgan va holat yuzasidan Istanbul sog‘liqni saqlash, sud-tibbiy ekspertiza boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

Bosh konsulxona barcha fuqarolarni ehtiyot choralari ko‘rishga, shaxsiy xavfsizlikka rioya qilishga va zarur hollarda konsulxonaga murojaat qilishga chaqiradi. Aloqa uchun: +90 (553) 541-17-17.

Anadolu ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda jami 65 kishi qalbaki spirtli ichimliklarni iste’mol qilish bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra shifoxonalarga murojaat qilgan. Bemorlarning 19 nafari vafot etgan. Muolajalari yakunlangan 3 nafar bemor shifoxonadan chiqarilgan bo‘lsa, 43 nafar bemorning davolanishi davom etmoqda.

Ichimliklar shaharning Aksaray tumanida sotib olingan. Politsiya voqea yuzasidan keng qamrovli tergov ishlarini boshlagan. Mazkur holatga aloqadorlikda ayblanib, 2 nafar Turkmaniston fuqarosi qo‘lga olingan va ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.