O‘zbekistonda Open Budget portalidagi “Tashabbusli budjet”ni amalga oshirish jarayoniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu Oliy Majlis Senati Kengashining 13-yanvardagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Avval tuman budjetlari qo‘shimcha daromadlarining 30 foizi “Tashabbusli budjet”ga yo‘naltirilardi. 2022-yildan boshlab bu mablag‘larga tasdiqlangan mahalliy budjet xarajatlarining 5 foizi qo‘shildi.

Biroq shaharlar budjetlarining kattaligi tufayli “Tashabbusli budjet” uchun ajratilgan mablag‘lar u yerda ancha yuqori bo‘lgan. Shu bilan birga, kam budjetli tumanlarda fuqarolar tashabbuslariga kamroq mablag‘ ajratilgan, bu esa g‘olib loyihalar sonining qisqarishiga olib kelgan.

Endi har yili har bir tuman yoki shaharda kamida 10 ta va ko‘pi bilan 30 ta loyihani amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ ajratiladi. Bu qo‘llab-quvvatlanadigan tashabbuslar soni bo‘yicha minimal va maksimal chegarani belgilaydi. Agar loyihalar soni 10 tadan oshsa, mablag‘lar tuman yoki shahardagi aholi soniga qarab taqsimlanadi. Bu esa aholi zich joylashgan hududlar ko‘proq moliyalashtirishga da’vo qilishi mumkinligini anglatadi.

Hozirgi kunda bitta loyihani moliyalashtirishning chegaraviy qiymati 1,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, tuman yoki shahar budjetlaridan ajratiladigan mablag‘larning eng kam miqdori 15 mlrd so‘mni, eng ko‘pi 45 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar) budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar mahalliy kengashlar tomonidan tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch ish kuni ichida o‘tkazilgan. Bu band endi bekor qilingan.

Bundan tashqari, joriy yildan boshlab moliyaviy mustaqil oliy ta’lim muassasalari “Tashabbusli budjet” jarayonida ishtirok etmaydi.

Jarayon doirasida mablag‘lardan samarali foydalanish va ijtimoiy muammolarga e’tiborni kuchaytirish uchun tashkilotlar tomonidan har qanday transport vositalari, jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun uskunalar (radarlar, jamoat joylaridagi videokuzatuv kameralari, svetoforlar), shuningdek, rahbar xodimlar uchun mebel sotib olish taqiqlanadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari 10 kun ichida tashabbusli budjet doirasida sotib olishga ruxsat etilgan tovarlarning aniq tavsiflari bilan jihozlangan uskunalarning yangilangan ro‘yxatini Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etishi kerak.

Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda budjet tashkilotlari xodimlarini ovoz berishga majburlash holatlarining oldini olish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni tashkil etishi hamda har bir mavsum yakunlari bo‘yicha Senatga axborot taqdim etishi lozim.

Taqvim

open budget, tashabbusli  budjet

Taqvimga ko‘ra, tashabbusli budjetning birinchi mavsumi 1-fevraldan boshlanadi. Birinchi mavsum g‘oliblari 21-mart — Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinadi.

Ikkinchi mavsum 15-iyulda boshlanadi. Loyihalar g‘oliblari 1-sentabr — Mustaqillik kunida e’lon qilinadi.

Tashabbusli yoki partisipatorli budjetlashtirish — bu budjet mablag‘larining ma’lum qismini sarflash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish orqali aholining mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishda bevosita ishtirok etish shaklidir. Ushbu amaliyot dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, AQSh, Braziliya va Janubiy Koreyada keng tarqalgan.