Siyosat
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ishdan olindi
2022-yildan buyon Sirdaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Akmaljon Mahmudaliyev prezident yig‘ilishida ishdan olindi. U hududda investitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish kabilarda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Yana 16 hokimga hayfsan e’lon qilindi.
Iqtisodiyot
Bolt taksi va yetkazib berish xizmati O‘zbekiston bozorini o‘rganmoqda
Estoniyaning Bolt taksi va yetkazib berish xizmati O‘zbekiston bozorini o‘rganmoqda. Kompaniya vakili Yuliya Malich Bolt uchun ushbu mintaqa ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. O‘z navbatida, IT Park bek-ofisni ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Turkiya kompaniyasi Samarqand — Buxoro pulli avtomobil yo‘li qurilishida ishtirok etmoqchi
Turkiyaning IC İçtaş İnşaat kompaniyasi O‘zbekistondagi pulli avtomobil yo‘llari qurilishida ishtirok etmoqchi. Bu borada Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan anglashuv memorandumi imzolandi. Loyihani 2027−2030-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonning YAIM 2024-yilda 6,5 foizga o‘sib, 115 milliard dollarga yetdi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi. Yakunlangan yilda xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, 34,9 mlrd dollarni tashkil qilgan, eksport ilk bor 27 mlrd dollarga chiqqan.
O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet” loyihalari hududlardagi aholi sonidan kelib chiqib moliyalashtiriladi
O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet” doirasida har bir tuman va shahar budjetidan kamida 10 ta va ko‘pi bilan 30 ta loyihani moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratiladi. Agar loyihalar soni 10 tadan oshsa, mablag‘lar aholi soniga qarab taqsimlanadi.
OKMK, NKMK, “Navoiyuran” va “O‘zmetkombinat” yevrobondlar joylashtiradi
2025-yilda OKMK 1 mlrd dollarlik, NKMK 500 mln dollarlik, “Navoiyuran” va “O‘zmetkombinat” esa 300 mln dollarlik yevrobondlarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xalqaro reytingga ega bo‘lishi va tashqi bozordan mablag‘ jalb qilishi kerak.
Jamiyat
Toshkentda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan konduktor 5 sutkaga qamaldi
Toshkent shahridagi avtobusda 2012-yilda tug‘ilgan qizga shilqimlik qilgan konduktorga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. 43 yoshli erkak sudda qizning boshidan o‘pmoqchi bo‘lganini aytgan.
Qator kamchiliklar sabab Qarshi tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatildi
Ombudsman tomonidan aniqlangan qator kamchiliklar sababli Qarshi tuman IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatildi. Unda saqlanayotgan shaxslar ta’mirlangan Kasbi tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonasiga ko‘chirildi. Xatolarni bartaraf etish bo‘yicha IIVga taqdimnoma kiritildi.
Turkiyada spirtli ichimlikdan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni oshdi
Turkiyada qalbaki alkogoldan zaharlanish oqibatida vafot etgan o‘zbekistonliklar soni oshdi. Istanbuldagi bosh konsulxona 11 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi, ammo keyinroq so‘nggi qurbon haqidagi xabar o‘chirib tashlandi.
Yangiyo‘l tumanida fuqarolarga tajriba tarzida ijtimoiy karta berila boshlandi
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tajriba tariqasida ijtimoiy yordam oluvchi fuqarolarga ijtimoiy karta berila boshlandi. Loyiha 2025-yil yakunigacha butun respublika bo‘ylab tatbiq etiladi.
Yerlar toifasiga o‘zgartirish kiritish tartibi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan yerlar toifasiga (turiga) o‘zgartirish kiritish sxemasi tasdiqlandi. Qaror bilan, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish tartibi soddalashtirildi.
“Yanvarda bu amaliyotni qo‘llamaymiz”. Transport boshqarmasi — chiptasiz yo‘lovchilarni jarimaga tortish haqida
Rasmiylar Toshkentdagi jamoat avtobuslarida chiptasiz yurganlarni jarimaga tortish amaliyoti yo‘lovchilarga sharoit yaratmaguncha qo‘llanmasligini ma’lum qildi. Avtobus chiptachilari esa tizimdagi boshqa ishlarga taklif qilinmoqda, talabga mos kelmaganlarga kompensatsiya to‘lanib, ish o‘rni qisqartirilmoqda.
Toshkentda AQShga jo‘natishni va’da qilib, fuqarodan 40 ming dollar olgan shaxs ushlandi
Chilonzor tumanida fuqaroni 40 ming dollar evaziga AQShga ishlash uchun yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Unga nisbatan jinoiy ish ochildi.
Jahon
Isroil va HAMAS sulhi 3 bosqichda amalga oshiriladi
Isroil va HAMASning o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik mahbuslar evaziga isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga bag‘ishlangan kelishuvi uch bosqichda amalga oshirilishi kutilmoqda. 19-yanvardan harbiy harakatlar to‘xtatiladi.
AQSh Qirg‘iziston bankiga qarshi sanksiyalar kiritdi
Rossiyaga nisbatan savdo cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam bergani uchun AQSh hukumati Qirg‘izistonning “Keremet Bank"iga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu Amerika sanksiyalari ostida qolgan Markaziy Osiyodagi birinchi bankdir.
“AQShda demokratiyaga tahdid soluvchi oligarxiya shakllanmoqda”. Bayden millatga xayrlashuv murojaati bilan chiqdi
AQSh prezidenti Jo Bayden xayrlashuv nutqida mamlakatda Amerika demokratiyasiga tahdid solayotgan oligarxiya shakllanayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek, “hech bir prezident” lavozimda sodir etilgan jinoyatlarda javobgarlikdan soqit bo‘lmasligi uchun AQSh konstitutsiyasini o‘zgartirishga chaqirdi.
Buyuk Britaniya va Ukraina 100 yilga mo‘ljallangan sheriklik bitimini imzoladi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Kiyevga tashrif buyurib, Ukraina bilan 100 yilga mo‘ljallangan sheriklik bitimini imzoladi. U siyosiy hamkorlik, erkin savdo, strategik sheriklik, Ukrainaning NATOga a’zoligi bo‘yicha konsensusga erishish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!