Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgani haqida yozgandik, Qatar bosh vaziri Muhammad Al Taniyning Dohadagi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, harbiy harakatlar 19-yanvardan to‘xtatiladi.
“Qatar, Misr va AQSh G‘azo sektoridagi urushayotgan tomonlar asirlar va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishganidan so‘ng qo‘shma vositachilik harakatlarining muvaffaqiyatini e’lon qilishdan mamnun”, — dedi Al Taniy.
Reuters manbasining aytishicha, o‘t ochishni to‘xtatishning birinchi bosqichi olti haftaga mo‘ljallangan. HAMAS 33 nafar isroillik garovga olinganlarni, shu jumladan, barcha ayollar (askarlar va fuqarolar), bolalar va 50 yoshdan oshgan erkaklarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan chiqaradi.
Bitimning ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralar birinchi bosqich amal qiladigan 16-kunga qadar boshlanishi kerak. U barcha garovga olinganlarni ozod qilish, o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini G‘azo hududidan to‘liq olib chiqishni o‘z ichiga olishi kutilmoqda.
Uchinchi bosqich halok bo‘lgan garovdagilarning qolgan jasadlarini qaytarish va Misr, Qatar hamda BMT nazorati ostida G‘azo hududini qayta tiklashni boshlashga bag‘ishlanadi.
Isroil armiyasi, shuningdek, G‘azo sektoridan ozod qilingan garovga olinganlarni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rish boshlanganini rasman e’lon qildi, operatsiya “Ozodlik qanotlari” deb nomlangan, deb ta’kidlaydi The Times of Israel.