14-yanvar kuni O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasining ham navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Unda Sport vaziri Adham Ikramov, Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Sportning o‘yin turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi mutasaddilari, federatsiya rayosati, faxriylar va murabbiylar shtabi qatnashdi.
Konferensiya kun tartibiga muvofiq, federatsiya raisi o‘rinbosari Rinat Axmadulin tomonidan 2021−2024-yillarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot taqdim etildi. Shundan so‘ng konferensiya doirasida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unda federatsiya Ijroiya qo‘mitasi tomonidan sport vaziri o‘rinbosari Karimov Avazjon Qudratullayevich nomzodini mamlakat chim ustida xokkey federatsiyasi raisligiga ilgari surildi.
Ishtirokchilar nomzodni bir ovozdan ma’qullashdi va Avazjon Karimov O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi etib saylandi. Tadbirda so‘z olgan Avazjon Karimov bildirilgan ishonchli oqlashga, kelgusida mamlakatda mazkur sport rivojini yanada oshirish yo‘lida bor kuchini ishga solishini bildirdi.
Shundan keyin federatsiya bosh kotibi San’atilla G‘ulomnazarov Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishtirdi. Bunda avvalo, mamlakat bo‘ylab ushbu sport ommaviyligini oshirish, terma jamoalar uchun kuchli raqiblar bilan o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etish, xorijlik murabbiylar jalb etish asosiy maqsad ekanini bildirdi.
O‘z navbatida, Adham Ilhamovich poytaxtda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasida 2 ta chim ustida xokkey maydoni qurilayotgani ushbu sport rivoji yo‘lida katta turtki bo‘lishini qo‘shimcha qildi, deyiladi xabarda.
Tadbir yakunida Otabek Muhammadaliyevich jamoaviy sport turlariga yanada ko‘proq e’tibor qaratilishi, mavzkur yo‘nalishda Olimpiada yo‘llanmalariga ega chiqish ustuvor maqsadlardan ekanini ta’kidlab, federatsiyaning yangi rahbariyatiga omad tiladi.