Hududlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda qo‘lbola alkogol mahsulotlari muomalaga kiritilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida fuqaro Sh. S. Jayhun mahallasidagi savdo do‘konida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan turli nomdagi jami 279 dona iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini sotuvga qo‘ygan. Ular ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida MCHJ rahbari D.T. xaridorga 2 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini sotgan vaqtida ushlangan. Ushbu savdo do‘konidan 233 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Yangiyo‘l tumanida esa fuqaro P.M. yashash xonadonida yashirin sex tashkil etib, qo‘lbola alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan. Xonadondan “O‘zbegim” nomli qo‘lbola alkogol mahsulotlari va 120 litr spirt ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida 5 nafar erkak qo‘lbola usulda yasalgan spirtli ichimlik ichish oqibatida halok bo‘lgandi. Andijon viloyatida esa “O‘zbekiston” konyagini iste’mol qilish oqibatida 22 kishi o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 5 nafari vafot etgan.