Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq so‘zladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tadbirda amirliklar prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim, Nigeriya prezidenti Bola Tinubu, Ruanda prezidenti Pol Kagame, Seyshel orollari prezidenti Uovel Ramkalavan, Uganda prezidenti Yoveri Museveni hamda boshqa xorijiy davlat va hukumatlar rahbarlari ham qatnashdi.
Davlat rahbari o‘z nutqida bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning balansida uglevodorod ulushini keskin kamaytirish — iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.
Prezident Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi — ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tish ekanini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston rahbari kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlarni kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytirish reja qilinganini aytdi.
Shuningdek, zararli gazlarni monitoring qilish va Milliy emissiya savdo tizimlarini joriy etiladi. 2030-yilgacha zararli chiqindilarni 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni doimiy oshirib borish reja qilinmoqda.
O‘zbekistonda “Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda
Shavkat Mirziyoyev e’tiborni tez sur’atlarda o‘sib borayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotining energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun “yashil” quvvatlarni jadal rivojlantirishga qaratdi.
“O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi, — dedi davlat rahbari.
Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 mlrd dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish reja qilingan.
Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi. Mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish niyatidamiz", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari yaqinda yaqinda COP-29 doirasida qozog‘istonlik va ozarbayjonlik hamkorlar bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini berishini ta’kidladi. Mirziyoyev buni “qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lidagi ilk qadam”, deya ta’rifladi.
Prezident “yashil” energiya sohasida BAA O‘zbekistonning ishonchli va strategik hamkori ekanini alohida qayd etarkan, so‘nggi yillarda amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 mlrd dollardan oshgani, ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘layotganini bildirdi.
Masdar kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya obyektini ishga tushirildi. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.
Bu kabi loyihalar amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklar bilan ham amalga oshirilmoqda.
Prezident O‘zbekiston Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.
“Mintaqamiz ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy. Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
U anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqirdi.
Prezident mazkur universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratishni taklif etdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan COP-28 va COP-29 sammitlari va xalqaro forumlarda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni ta’sis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini ta’minlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish tashabbuslar ilgari surilgani va barcha hamkorlar bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyorligini bildirdi.
Davlat rahbari 2025-yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etilishini aytdi.
Shuningdek, 15-may — Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga vakillarni taklif etdi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqi so‘nggida O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lida butun dunyoga ochiqligini yana bir bor ta’kidladi.