2025-yilda O‘zbekiston parlamentida muxolifat huquqlariga oid qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, parlamentda muxolifatning kafolatlangan huquqlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasini xorijiy davlatlar parlamentlari tajribasini o‘rgangan holda ishlab chiqish reja qilinmoqda.

Bunda muxolifatning kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish hamda muxolifat vakillari 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash belgilangan.

Bundan tashqari, har chorakda “hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida muxolifat tomonidan kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning noyabrida prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytgandi. U, shuningdek, saylovlardagi sog‘lom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga ko‘chib o‘tsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

2023-yilning iyulida Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi so‘zlagan nutqida mamlakatda konstruktiv muxolifat faoliyati tiklanishini ta’kidlagan.

Undan avval, 2019-yil yakunida Mirziyoyev mamlakat ichida siyosiy muxolifat paydo bo‘lishi, xalqning barcha muammolarini bilishi uchun sharoit yaratish zarurligini bildirgan.