Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol o‘z xavfsizligidan xavotirlanib, impichment ishi bo‘yicha birinchi rasmiy sud majlisida ishtirok etmaydi. Bu haqda uning advokati ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Yonhap.
“Korrupsiyani tergov qilish boshqarmasi (CIO) va politsiya rasmiylari noqonuniy va yaroqsiz hibsga olish orderlarini g‘ayriqonuniy usullar bilan ijro etishga harakat qilmoqda, bu esa shaxsiy xavfsizlik va baxtsiz hodisalar haqida xavotir uyg‘otmoqda. Prezidentning sudga kelishi uchun shaxsiy himoya va xavfsizlik masalasi hal qilinishi kerak”, — dedi advokat Yun Kab-kin.
Konstitutsiyaviy sud sessiyasi seshanba kuniga belgilangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idora Yolni ikkinchi bor jinoiy tergovda hibsga olishga urinmoqchi. 3-yanvarda harbiylar va qo‘riqchilar qarshilik ko‘rsatgani uchun prezidentlikdan chetlatilgan Yun Sok Yolni hibsga olish orderi muvaffaqiyatsiz kechgandi. 7-yanvarda Seul okrug sudi Yun Sok Yolni hibsga olish orderini uzaytirgan.
CIO rahbari O Don Un Yunni hibsga olishga muvaffaqiyatsiz urinishi uchun uzr so‘ragan va ikkinchi urinishda buyruqni bajarishga va’da bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, CIO ikkinchi orderni ijro etishga “puxta tayyorgarlik ko‘radi”, chunki bu “so‘nggi imkoniyat” bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u prezidentni tanqid qilib, farmonni bajarmaslik qonun ustuvorligiga putur yetkazishini ta’kidlagan.
Prezidentning harbiy holat joriy etish haqidagi qarori Janubiy Koreyani so‘nggi o‘n yilliklardagi eng katta siyosiy inqirozga olib kirdi va Osiyodagi to‘rtinchi yirik iqtisodiyotning o‘sish kutilmalariga zarba berdi, deb yozadi Reuters.
O‘z navbatida, Yolning tashqi siyosatini olqishlagan va mamlakat ichidagi siyosiy kelishmovchiliklarga unchalik ahamiyat bermagan ittifoqchilari uning harbiy holat joriy etish haqidagi qaroridan hayratda qolgan.