AQSh Senati va Vakillar palatasi a’zolari 6-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda respublikachilardan nomzod Donald Trampning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini tasdiqladi, deb xabar bermoqda The Guardian.

Trampning g‘alabasi prezidentlik saylovlaridagi raqibi, amaldagi vitse-prezident Kamala Harris tomonidan e’lon qilindi. AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, amaldagi vitse-prezident saylovchilarning ovozlarini sertifikatlash uchun Kongressning ikki palatasi qo‘shma majlisining rasmiy raisi bo‘lishi kerak.


Tramp saylovchilarning 312 ta ovozini oldi. Harris bu haqda e’lon qilgandan so‘ng respublikachilar uning nutqini qarsaklar va qichqiriqlar bilan bo‘ldi. Bir necha soniyadan so‘ng Harris saylovchilarning 226 ta ovozini olganini aytdi, shundan so‘ng demokratlar qarsak chalishni boshladi.

“Aminmanki, Amerika demokratiyasi bizning har bir inson uchun kurashishga tayyorligimiz, ularning bizning demokratiyamiz uchun kurashishga tayyorligi va uning ahamiyatini hurmat qilish darajasida kuchli. Aks holda, u juda mo‘rt va inqirozli daqiqalarga bardosh bera olmaydi. Bugun esa Amerika demokratiyasi oyoqda turibdi”, — dedi Kapitoliydagi jurnalistlarga bergan qisqa nutqida Harris. U prezidentlik saylovlarida Trampga mag‘lubiyatga uchraganini tasdiqlashda raislik qilish bilan shunchaki o‘zining konstitutsiyaviy burchini bajarayotganini qo‘shimcha qildi.

Odatda, ovozlarni sertifikatlash jarayoni shunchaki rasmiyatchilik sanaladi, ammo to‘rt yil oldin Vashingtonda (Kolumbiya okrugi) sodir bo‘lgan voqealar tufayli bu yil xavfsizlik choralari kuchaytirildi, deb yozadi BBC rus xizmati. Iste’foga chiqayotgan prezident Jo Bayden 2021-yil 6-yanvardagi voqealar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.

To‘rt yil avval — 2021-yil 6-yanvarda prezidentlik saylovlari yakunlari va Jo Baydenning g‘alabasini tasdiqlashi kerak bo‘lgan Kongress yig‘ilishi Donald Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirishi tufayli bir necha soatga to‘xtatilgan.

Trampning inauguratsiyasi 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.