Prezident Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Mustaqillik davrida Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Xususan, keyingi yillarda Toshkent shahridagi Adiblar xiyobonida uning haykali o‘rnatildi, Samarqand shahrida uy-muzeyi tashkil qilindi, iste’dodli dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot ta’sis qilindi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarining yosh avlod intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, ularni vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi o‘rni va ahamiyatini inobatga olib hamda uning bebaho merosini kengroq o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida 2025-yilda Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi.

Bu bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida tashkiliy qo‘mita tuziladi va ikki hafta ichida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Ushbu dasturda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:

  • mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
  • Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
  • Badiiy akademiyaning markaziy ko‘rgazmalar zalida adib hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini uyushtirish;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash;
  • barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalarini tashkil qilish;
  • zamonaviy raqamli va targ‘ibot texnologiyalari asosida Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish;

Shuningdek, 2025-yil oktabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilinadi. Noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasi o‘tkaziladi.

Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi hududi obodonlashtiriladi hamda muzey ekspozitsiyasi boyitiladi. Qarshi shahridagi ko‘chalardan biriga uning nomilib, unga bag‘ishlangan yodgorlik lavhasi o‘rnatiladi.

Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallarni e’lon qilish ham reja qilingan.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, O‘zbekiston tarixida g‘oyat murakkab va sinovli davr bo‘lgan XX asr boshida maydonga chiqqan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlik harakatining asoschisi hisoblanadi. U milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish orqali xalqning ongu tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy chor hukumati va mahalliy mutaassib kuchlarning mislsiz qarshiligiga qaramasdan, mamlakatda birinchilar qatorida ilk zamonaviy maktablar tashkil qilish, ular uchun zarur darsliklar yaratish, nashriyot va teatrlar qurish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Mohir publitsist sifatida o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan qator salmoqli asarlar va ikki yuzdan ortiq maqolalar yaratdi. Shu bilan birga, “Samarqand” gazetasi hamda “Oyina” jurnaliga asos soldi. 1914-yilda “Turon” teatrida sahnalashtirilgan “Padarkush” pesasi orqali hududda teatr san’atining tamal toshini qo‘ydi.