Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini yangi — 2025-yil bilan tabrikladi.
Jahondagi murakkab vaziyatga qaramasdan, o‘tayotgan yil mamlakat uchun qutli va barakali bo‘ldi. “Mehnatkash xalqimizning fidokorona mehnati, siyosiy-ijtimoiy faolligi bilan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi real voqelikka aylanmoqda”, — dedi davlat rahbari.
U Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga saylovlar, yangi loyihalar ishga tushirilgani, aholi daromadlari va turmush sifati oshgani, yangi uy-joylar qurilgani, sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida erishgan yutuqlari, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori ortib borayotganini ta’kidladi.
“Hech shubhasiz, bularning barchasi diyorimizdagi barqarorlik, do‘stlik va hamjihatlik natijasidir”, — deya ta’kidladi prezident va “bunyodkor xalqimizga halol mehnati, ona yurtga sadoqati uchun” minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deb e’lon qilinganini eslatib, “Asosiy maqsadimiz inson va tabiat muvozanatiga asoslangan tizim yaratishdir”, — dedi.
“Yangi yilda biznes uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi. Xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish ishlarini qat’iy davom ettiramiz”, — dedi prezident.
“Ijtimoiy sohalar, ish haqi, pensiya va stipendiyalar, nafaqalar miqdorini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Farzandlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunar egalari, barkamol bo‘lib tarbiya topishlari uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sport sohalariga e’tibor yanada kuchaytiriladi”, — dedi u.
“Faxriylar, xotin-qizlar va yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish, ijtimoiy himoya samarasini oshirish” ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. “Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash” borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tariladi.
“Muxtasar aytganda, „Inson qadri uchun, inson baxti uchun!“ degan olijanob maqsadni barchamiz birgalikda amalga oshiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.