29-dekabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Aqtauda halokatga uchragan Azerbaijan Airlines`ning Boku-Grozniy reysi ekipaji a’zolari bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi. Ozarbayjon televideniyesi bilan intervyusida u bir qator bayonotlarni berdi, deb xabar qildi Azertadj agentligi.

“Albatta, qora qutilar ochilgandan keyin yakuniy versiya ma’lum bo‘ladi. Ammo dastlabki taxminlar ham yetarli darajada asoslangan va faktlarga ega. Faktlar esa shundan iboratki, Ozarbayjon fuqaro samolyoti Rossiya hududida, Grozniy shahri yaqinida tashqi ta’sirdan shikastlangan va deyarli boshqaruvni yo‘qotgan. Biz, shuningdek, samolyotimiz radioelektron kurash vositalari yordamida boshqarib bo‘lmaydigan holatga keltirilganini ham bilamiz. Bu samolyotga yetkazilgan birinchi zarar”, — dedi prezident.

Ilhom Aliyevning qo‘shimcha qilishicha, yerdan uzilgan o‘q samolyotning dum qismiga ham jiddiy zarar yetkazgan. Samolyotning butun korpusi teshilgani qushlar to‘dasi bilan to‘qnashuv versiyasini kun tartibidan butunlay olib tashlagan. U Rossiyaning ba’zi doiralari ushbu versiyaga amal qilishni afzal ko‘rganini afsus bilan ta’kidladi:

“Bizni xafa qilgan va hayratga solgan jihatlardan biri shundaki, Rossiya rasmiy tuzilmalari qandaydir gaz ballonining portlashi haqida taxminlarni ilgari surdi. Ya’ni bu Rossiya tomoni masalani bostirishni xohlayotganini ochiq ko‘rsatdi va bu, albatta, hech kimga sharaf olib kelmaydi”, — dedi Ozarbayjon prezidenti.

U, albatta, samolyot ataylab urib tushirilmaganini ta’kidlab, Rossiyaning o‘z aybini tan olishi, do‘st davlat hisoblangan Ozarbayjondan vaqtida kechirim so‘rashi va buni jamoatchilikka yetkazishi — bularning barchasi amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora va qadamlar ekanini aytdi.

“Afsuski, dastlabki uch kun davomida Rossiyadan tuturuqsiz versiyalardan boshqa hech narsa eshitmadik”, — dedi Ozarbayjon rahbari.

“Takror aytaman, qora qutilar ochilgandan so‘ng va biz batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lganimizdan so‘ng barcha tafsilotlar paydo bo‘ladi va bugungi kunda savollarni keltirib chiqaradigan ko‘plab jihatlar oydinlashadi. Masalan, nima uchun samolyot Grozniy shahriga qo‘na olmadi? Radioelektron kurash vositalari samolyotni boshqarishga qay darajada ta’sir ko‘rsatdi? Havodagi zarba va samolyot yaqinidagi portlashning oqibatlari qanchalik ta’sirda bo‘lgan? Shuni ham ta’kidlamoqchimanki, ushbu aniq faktni inkor etish va uni ushbu holatda niqoblashga urinishlar ham bema’nilik, ham ahmoqlikdir”, — dedi u.

Ilhom Aliyev uchuvchilarning harakatlarini, ularning professionalligini, fidoyiligini juda yuqori baholadi: “Uchuvchilar boshqarib bo‘lmaydigan samolyotni boshqarishda ham professionallik, ham qahramonlik ko‘rsatdi. Uchuvchilar tajribali edi va bu halokatli qo‘nishda omon qolmasligini ham bilishardi. Biroq yo‘lovchilarni qutqarish uchun ular juda katta qahramonlik ko‘rsatdi va aynan shuning natijasida aviahalokatda omon qolganlar bor. Aynan shuning natijasida fyuzelyajning bir qismi yonmadi va aynan shu tufayli bugun biz samolyot Rossiya tomonidan urib tushirilganini aniq ayta olamiz”.

“Biz Rossiya tomoniga o‘z talablarimizni ochiq bayon qildik”, — dedi prezident. “Ular nimadan iborat edi? Birinchidan, Rossiya tomoni Ozarbayjondan kechirim so‘rashi kerak. Ikkinchidan, o‘z aybini tan olishi kerak. Uchinchidan, aybdorlar jazolanishi, jinoiy javobgarlikka tortilishi va Ozarbayjon davlati, jabrlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga kompensatsiya to‘lanishi kerak. Bu bizning shartlarimizdir”.

“Birinchisi kecha bajarib bo‘lindi”, — dedi u Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “Rossiya havo hududida fojiali voqea sodir bo‘lgani uchun” uzr so‘raganini ta’kidlab. — Umid qilamanki, boshqa shartlarimiz ham qabul qilinadi. Bu shartlarning hammasi o‘rinli. Bu yerda hech qanday favqulodda talablar yoki savollar yo‘q, bu xalqaro tajriba va insoniy tamoyillarga asoslangan".