Vazirlar Mahkamasida 13-dekabr kuni “Nukus shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaror qabul qilindi.
Hujjat Qoraqalpog‘istondagi shaharni kompleks rivojlantirish, qurilish ishlarini rejalashtirish, ularning sifati va darajasini oshirish, shaharning me’moriy-rejalashtirish qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida qabul qilingan.
Hujjat bilan shaharning bosh rejasi loyihasining asosiy yechimlari va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlanmoqda. 2040-yilgacha Nukus shahri Nukus tumani hududiga 876 gektarga kengayishi hisobga olingan.
Shuningdek, bu vaqtga kelib aholi soni 312,4 ming nafardan 400 ming kishiga ko‘payadi, shahar maydoni esa 13,4 ming gektarni tashkil etadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari soni ikki baravar ko‘payib, 20,8 mingtani tashkil etadi, shifoxonalardagi joylar 3,3 mingdan 9,9 mingtagacha oshadi.
Maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari 437 tadan 2,8 mingta ish o‘rinlariga ko‘payadi. Magistral ko‘chalarning umumiy uzunligi 278 kilometrni tashkil etadi (hozirda 90 kilometr). Yangi bosh rejaga muvofiq, shaharda ikkita ma’muriy markaz tashkil qilinadi.
Birinchi ma’muriy markaz — shaharning bugungi kundagi ma’muriy markazi hisoblanib, Islom Karimov, Amir Temur va M.Jumanazarov ko‘chalari kesishmalari hisoblanadi. Ushbu markaz saqlab qolinadi.
Unda joylashgan Savitskiy muzeyi, Xotira maydoni, mehmonxonalar, ІT park, istirohat bog‘i va boshqa ma’muriy va xo‘jalik binolarini qurish va qayta ta’mirlash, eski bino va inshootlar o‘rniga yangi va zamonaviy ko‘p qavatli binolar joylashtirish taklifi kiritilgan.
Kam qavatli uy-joylar o‘rniga ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy massivlarini joylashtirish rejalashtirilgan. Ye.Alako‘z, M.Jumanazarov, A.Dosnazarov ko‘chalari bo‘yida ko‘p qavatli uylarni joylashtirish belgilangan. Bosh rejada ushbu uylarning birinchi qavatlarida aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish taklif etiladi.
Ikkinchi ma’muriy markaz — shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi Nukus tumaniga chiqadigan ko‘chalar va loyihaviy ko‘chalari kesishmasida joylashtiriladi. Nukus City`ning ushbu markazlari kichik va o‘rta biznesni, bank filiallari, turar joy va jamoat binolarining biznesni boshqarish bilan bog‘liq obyektlarni birlashtiradi va 7 qavatdan 16 qavatgacha bo‘lgan obyektlar barpo etiladi.
Har bir tashkil etilayotgan turar joy massivi (mahalla, kichik tuman) aholiga xizmatlar ko‘rsatish majmuasi bilan taʼminlangan. Har bir mitti tumanda xizmat ko‘rsatish meʼyorlari va unda yashaydigan aholi sonini hisobga olgan holda maktablar, bolalar bog‘chalari, mahalla guzarlari, kichik maydonchalar, yashil maydonlar va xiyobonlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.halar obod bo‘lishi hamda aholi uchun sharoitlar yaratiladi.