Toshkent xalqaro aeroportining uchish zalida royal o‘rnatildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati “Gazeta.uz” bilan o‘rtoqlashdi.
“Yangi yil arafasida bu Uzbekistan Airports va Duty Free Uzbekistan tomonidan Toshkentdan uchayotgan yo‘lovchilarga ramziy sovg‘a bo‘ldi. Dunyo bo‘ylab ko‘plab aeroportlarda pianino bor va u hamma uchun mavjud, shuning uchun bir kuni biz nima uchun bunday qilmaslik kerakligi haqida o‘yladik. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, duty free’da ajoyib musiqa asbobi paydo bo‘ldi”, — deya ta’kidladi matbuot xizmati.
Uzbekistan Airports vakillari bu nima uchun zarurligini tushuntirdi.
“Aeroport anchadan beri odamlar faqat parvoz qiladigan bino emas. Bugungi kunda yo‘lovchilar ma’lum xizmatlarni ham kutmoqda — do‘konlar, kafelar, bankomatlar, zaryadlash stansiyalari. Ammo bularning barchasidan tashqari, odamlar o‘yin-kulgi xohlaydi. Yo‘lovchilarimiz raqs yoki opera fleshmobi, maqom konserti yoki shunga o‘xshash biror bir madaniy tadbirga doim hayratlanarli munosabatda bo‘ladi. Shu sababli biz pianino ajoyib o‘yin-kulgi usuli bo‘la oladi, deb o‘yladik. Bundan tashqari, parvozlar, ayniqsa, uzoqlari har doim stressli. Odamlar samolyotni kutadi, ko‘pchilik asabiylashadi, musiqa esa taranglikni yengillashtiradi, dam olishga, tinglovchilarning ham, ijrochilarning ham kayfiyatini ko‘tarishga imkon beradi”, — deyiladi Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabarida.
“Weinbach salon royali ajoyib tovush xususiyatlariga va mayin ovoz tembriga ega. Bu pianinoni chalish oson va yoqimli, klaviatura va mexanika pianinochining eng kichik harakatlariga ham juda sezgir munosabatda bo‘ladi”, — ta’kidladi matbuot xizmati.