O‘zbekistondagi banklarga kichik va o‘rta biznesning kredit portfelidagi ulushini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda kichik va o‘rta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40 foizdan 28 foizgacha pasaygan. Davlat rahbari bunday kreditlar ulushini 40 foizga yoki 120 trln so‘mga yetkazish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Prezident, umuman, yirik loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti kelganini aytdi.
Bundan tashqari, o‘tgan olti yilda 1,6 mln aholi “yaxshi” kredit tarixiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, tarixi “o‘rta” baholanganlarga yangi kredit olishda talablar kuchayishi tabiiy.
Prezident bunday mijozlarning kredit tarixini yaxshilash, kelgusida ular tadbirkorga aylanishi uchun banklar katalizator bo‘lishi lozimligini qayd etdi.
Kelgusi yilda loyihasi bor 100 mingta “o‘rta” toifadagi mijozlar bilan uch oylik individual reja asosida ishlash, ularning soliq, elektr, gaz kabi boshqa to‘lovlarini ham inobatga olish, moliyaviy bilimini oshirish va loyihalarini yaxshilash orqali ularni tadbirkorga aylantirish taklif qilindi.
Yig‘ilishda respublika bo‘yicha 60 ta ilg‘or shahar-tumanni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish choralari ham muhokama qilindi. Bu tumanlarda kelgusi yilda 2 mln aholini band qilish, 417 mingta oilani kambag‘allikdan olib chiqish zarurligi qayd etildi.
Tuman va shahar hokimlariga ushbu tuman-shaharlarda infratuzilmani yaxshilash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev aniqlangan imkoniyatlarni natijaga aylantirish uchun banklar mustahkam moliyaviy resursga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bunda davlat mablag‘lari qatorida tashqi manbalardan ham resurs jalb qilish zarurligi qayd etildi. Kelasi yili aholi omonatlarini 11 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun har bir bankda chet eldan mablag‘ olib keladigan ishchi guruh tuzish, xorijiy banklar bilan tizimli ishlab, chet elda roud-shoular o‘tkazish, yevrobond chiqarish, bank reytingini yaxshilash va xalqaro standartlarga moslashish dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan uchrashuvda davlat jalb qilgan mablag‘larni yirik davlat korxonalariga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechishni ma’lum qilgandi. Hozirda davlat banklari tomonidan berilgan kreditlarning 92 trln so‘mi yoki 30 foizi (2024-yil avgust holatiga) 10 ta yirik davlat korxonalariga to‘g‘ri kelmoqda.
Bunday mablag‘larni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trln so‘mni xususiy biznesga yo‘naltiradi.