Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilga borib O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami iste’moldagi ulushi 54 foizga yetkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda u 13-dekabr kuni Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida gapirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 2030-yilgacha mamlakatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 ming MVt hamda ularning jami iste’moldagi ulushini 40 foizga yetkazish belgilangandi.

Davlat rahbari marosimdagi nutqida mamlakatdagi energoislohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha rejalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar yana 19 ming megavatt “yashil quvvat”lar barpo etilib, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Xususan, 2025-yilda 3,4 ming megavattli 18 ta quyosh va shamol stansiyalari hamda 1,8 ming megavattli saqlash tizimlari ishga tushiriladi. Buning natijasida kelasi yilda “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmlari 12 mlrd kilovatt soatga yetadi.

“Bu 5 mln xonadonning bir yillik iste’moliga teng va 6,5 mln tonna zararli gazlarni atmosferaga chiqarishning oldi olinadi, deganidir. Kelgusi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro-GESlar tashkil qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi. Bundan keyin ham sohaga xususiy sektor kirib kelishini rag‘batlantirib, elektr energiyasi bozorini tashkil etish bo‘yicha katta qadamlar qo‘yiladi. Xususan, kelgusi yil yakuniga qadar raqobatli savdolar orqali elektr energiyasi ulgurji bozori yaratiladi”, — dedi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev davlat-xususiy sherikchiligi nafaqat yirik elektr stansiyalari bo‘yicha, balki sohaning boshqa yo‘nalishlariga ham keng joriy qilinishini ta’kidladi. Bundan tashqari, u “yashil energetika” yo‘nalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlik kengaytirilishini qayd etdi.

“Bu borada birinchi amaliy qadam sifatida COP29 doirasida Qozog‘iston, Ozarbayjon va Saudiyalik hamkorlar bilan “yashil energiya”ni Yevropa mintaqasiga eksport qilish bo‘yicha ilk bitim imzolandi. Mintaqaviy energiya tizimi barqarorligini ta’minlash maqsadida qo‘shni davlatlar bilan yagona platforma ishga tushiriladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari aholi va mahalliy tadbirkorlar sohaga katta qiziqish bildirayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Bunday korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida hududlarni rivojlantirish dasturlarida “yashil loyiha”lar ulushini kelgusi 5 yilda 5 barobarga oshiriladi. Bu borada texnikumlarda sanoat korxonalari bilan dual ta’lim tizimi, 5 ta oliygohda ilg‘or muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Shuningdek, energetika, metallurgiya, kimyo, elektrotexnika sohalarida nufuzli kompaniyalar bilan birga izlanish va rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlik kengaytiriladi”, — dedi prezident.

“Barchangizga ishontirib aytmoqchiman: yangi O‘zbekiston — investitsiyalarni har tomonlama kafolatlaydigan, sizlarning barcha loyiha va tashabbuslaringizni to‘la qo‘llab-quvvatlaydigan, xorijiy hamkorlarimiz manfaatlarini himoya qiladigan dunyoga ochiq mamlakatdir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.