AQSh Davlat departamenti “Gruziyada demokratiyaga putur yetkazgan yoki bunga sherik bo‘lganlarga” nisbatan viza cheklovlarini e’lon qildi.

Sanksiyalar 20 kishiga, jumladan, Gruziya hukumati vazirlari, parlament a’zolari, huquqni muhofaza qilish organlari va xavfsizlik xizmatlari xodimlari kabilarga ta’sir qiladi, deyiladi xabarda. Ro‘yxatga kiritilganlarning ismlari keltirilmadi.

“Qo‘shma Shtatlar „Gruzin orzusi“ partiyasining Gruziya fuqarolariga, shu jumladan, namoyishchilarga, ommaviy axborot vositalari vakillariga, huquq himoyachilariga va muxolifat faollariga nisbatan davom etayotgan shafqatsiz va asossiz zo‘ravonligini qat’iyan qoralaydi. „Gruzin orzusi“ Gruziyaning Yevroatlantik kelajagidan yuz o‘girdi, garchi Gruziya xalqining katta qismi buni xohlaydi va bu Gruziya Konstitutsiyasida nazarda tutilgan”, — deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida. Shuningdek, qo‘shimcha sanksiyalar tayyorlanayotgani ham ma’lum qilindi.

Gruziya parlamenti spikeri, “Gruzin orzusi” partiyasi a’zosi Shalva Papuashvili prezident Jo Bayden ma’muriyatidan chiqayotgan sanksiyalarni mantiqsiz deb atadi.

“Bu saylovda yutqazgan ma’muriyat, ularning mandati tugaydi. Shunga qaramay, ular Amerika xalqining Gruziya kabi muhim hamkor bilan munosabatlarini buzmoqda. Bu bizni o‘ylantiradi”, — dedi Papuashvili jurnalistlarga.

  • Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze 2028-yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralardan voz kechishini e’lon qilganidan keyin 28-noyabrdan buyon ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Jarayonda hozirgacha 500 nafargacha odam hibsga olingan.
  • AQSh Davlat departamenti noyabr oyi oxirida hukmron “Gruzin orzusi” partiyasining “turli antidemokratik harakatlari” tufayli Gruziya bilan strategik sheriklikni to‘xtatganini e’lon qilgan.