Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 12-dekabr kuni harbiy holat joriy etish haqidagi qarorini himoya qildi va isyon ko‘tarish bo‘yicha ayblovlarni rad etdi, deb хабар bermoqda Yonhap.
Yun prezidentlik vakolatlaridan “millatni himoya qilish va davlat ishlarini tartibga solish uchun” foydalanganini ta’kidladi. Bunda hukumat ishini falaj qilgan muxolifatga qarshi kurashish uchun harbiy holat e’lon qilish zarur bo‘lgan va u buni “chuqur sinovdan o‘tgan siyosiy qaror” deb atadi.
U, shuningdek, iste’foga chiqish chaqiriqlarini rad etdi va muxolifatni impichmentni suiiste’mol qilishda va budjetni qisqartirishda aybladi. “Menga impichment e’lon qilinadimi yoki tergov boshlanadimi, bundan qat’i nazar, men bunga vijdonan qarshilik ko‘rsataman”, — dedi Yun.
“Yirik muxolifat partiyasi hukmron bo‘lgan Milliy majlis erkin demokratiyaning konstitutsiyaviy tartibini buzadigan maxluqqa aylandi”, — dedi Yun.
“Men siz bilan oxirigacha birga kurashaman”, — deya qo‘shimcha qildi Janubiy Koreya yetakchisi va harbiy vaziyat tufayli yuzaga kelgan ko‘ngilsizliklar uchun xalqdan yana bir bor uzr so‘radi.
Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, isyon “Konstitutsiyada belgilangan hukumat organlarini ag‘darib tashlash yoki kuch ishlatish orqali ularning funksiyalarini yo‘q qilishga” qaratilgan har qanday urinish sifatida ta’riflanadi.
Yunning ta’kidlashicha, u parlamentdagi “kam sonli” qurolsiz qo‘shinlarga “tartibni saqlash”ni buyurgan va Milliy assambleya harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilgandan so‘ng ular darhol chaqirib olingan.
Yonhap ma’lumotlariga ko‘ra, 200 ga yaqin qurolli askar o‘tgan seshanba kuni parlamentga, yana 300 ga yaqini saylovni nazorat qilish bilan bog‘liq uchta obyektga yuborilgan.
Yunning bayonoti muxolifat partiyalari tomonidan ilgari surilgan prezident impichmenti bo‘yicha navbatdagi ovoz berishdan bir necha kun oldin chiqdi. O‘tgan shanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishda parlament kvorum yo‘qligi sababli unga impichment e’lon qila olmadi, chunki hukmron partiya fraksiyasi zalni tark etdi.
Bu safar ilgari impichmentga qarshi chiqqan hukmron “Xalq kuchi” partiyasi yetakchisi Xon Don Xun impichmentni qo‘llab-quvvatladi va partiyasi deputatlarini o‘z “maslaklari” asosida ovoz berishga chaqirdi.
Agar prezidentga impichment e’lon qilinsa, Yun lavozimidan chetlatiladi va ish ko‘rib chiqish uchun Konstitutsiyaviy sudga yuboriladi. Jarayon olti oygacha cho‘zilishi mumkin.
- Prezident Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qildi. Parlament bu qarorni blokladi va prezident uni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi rahbari Kim Yon Xyon iste’foga chiqdi, prezident, sobiq vazir va boshqa bir qator mansabdor shaxslarga nisbatan tergov boshlandi.