10-dekabr kuni prezident “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Hujjat bilan yangi oliygoh Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida tashkil etiladi.
Yuqoridagi OTMlarda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Qarshi davlat texnika universitetida davom ettiradi. 2024/2025 o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga mazkur universitet diplomi beriladi.
Yangi oliygohning asosiy vazifalaridan biriga muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va dasturlash, xizmat ko‘rsatish hamda irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar sohalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kiradi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi va atrof-muhit muhandisligi yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash salmog‘i oshiriladi;
- talabalarning fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
- iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Ta’lim xizmatlari markazi tashkil etib, talabalarga o‘qish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar bo‘yicha barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Universitet ta’lim jarayoniga ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini qo‘llash, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishi kerak.
OTM faoliyatini takomillashtirish va ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda universitetda Transformatsiya markazi tashkil etiladi. Markaz quyidagi masalalarga mas’ul bo‘ladi:
- ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish;
- universitetni dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ijrosini tashkil etish;
- ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda universitet diplomlarining xorijda tan olinishiga erishish;
- ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida universitet o‘quv-uslubiy bo‘linma hamda dekanatlar shtatlarini maqbullashtirish hisobidan Registrator ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- universitetining ta’lim, tadqiqot va axborot-kutubxona faoliyatlarini hamda boshqaruv jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish.
Toshkent kimyo-texnologiya institutining sobiq Shahrisabz filiali bazasida universitetning Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unda ustuvor ravishda oziq-ovqat texnologiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda oziq-ovqat sanoati mashinalari va agregatlari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashni tashkil etiladi.
Qarshi shahrida kamida 20 gektar yer maydonda universitet uchun yangi kampus quriladi. Mavjud bino va inshootlarini alohida lotlarga ajratib bosqichma-bosqich auksion savdolari orqali sotiladi va undan tushadigan mablag‘lar OTMga yo‘naltiriladi.
Qarshi davlat texnika universitetiga 3 ta o‘rta maxsus ta’lim tashkiloti, 12 ta kasbiy ta’lim tashkiloti va 17 ta ta’lim tashkiloti biriktiriladi.