Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda maktablarda o‘quvchilar uchun darsliklar ijarasi pullik bo‘lishi masalasi yuzasidan munosabat bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasida 2025−2026-o‘quv yilidan 2−11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi qayta joriy etish yuzasidan taklif berilgandi.
Vazirlikning qayd etishicha, 2025-yil uchun Davlat budjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi. Bunda ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan.
Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1 yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan. 2025-yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq Davlat budjetidan qoplash ko‘zda tutilgan.
“Budjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan, birinchi navbatda, iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlari hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini ta’minlashda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini to‘liq hamda o‘z vaqtida bajarishga ustuvor e’tibor qaratiladi. Bunda samaradorlikni oshirish maqsadida turli yo‘nalishlar bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, darsliklar ijarasi uchun to‘lovni tiklash taklifi “maktablarni darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalarning faolligini oshirish”ga qaratilgani aytilgandi. Budjetnoma loyihasida qayd etilishicha, 2024-yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘m) tashkil etgan.
Hujjatni ishlab chiqqanlar bitta darslik to‘plami uchun 80 ming so‘m, ya’ni uning narxining 16−18 foizini tashkil etadigan miqdorda to‘lov joriy etishni taklif qilgandi. Yig‘ilgan 376,6 mlrd so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltirilishi aytilgandi.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, — deyilgan budjetnoma loyihasida.
Budjetnoma loyihasiga bu taklif kiritilganini 29-oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov ma’lum qilgandi.
“Bu budjetnomadagi taklif, bu normativ-huquqiy hujjat yoki boshqa narsa emas. 2-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan kontingent uchun bir to‘plamga sinfidan qat’i nazar bir martalik belgilangan 80 ming so‘m ijara to‘lovini kiritish budjetnomada taklif sifatida ketgan. Bu budjetga yuklamani taxminan 376 mlrd so‘mga kamaytirishga olib kelishi mumkin”, — degandi u.
“Bu taklif darajasida turibdi. Bu 1-sinfdan va ijtimoiy himoya reyestriga kirgan oilalardan tashqari. Bu hali joriy etildi, qabul qilindi degani emas”, — deya qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari.
O‘shanda Temurjon Komilov bu taklif Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilganini ta’kidlagandi.
“Bu biz bilan kelishilgan. Xabarimiz bor. Buning tagida asoslari bo‘ladi. Lekin har qanday normativ-huquqiy hujjat ham jamoatchilik muhokamasiga chiqariladi, vazirlik va idoralar bilan kelishiladi. O‘sha vaqtda hamma asoslantirishlari, ijobiy va salbiy tomonlari ko‘rib chiqiladi. Bu hozir taklif darajasidagi pozitsiya”, — degandi u.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda bitta darslik (mashq daftarlari) uchun o‘rtacha bir martalik ijara haqi keskin 5707 so‘mga (sinfga qarab har to‘plam uchun 68,5 ming so‘mdan 119,8 ming so‘mgacha) yoki o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan (2740 so‘m) 2,1 barobarga keskin oshirilgandi. Shundan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi narx jahon bozorida qog‘oz narxining oshishi va mamlakatga qog‘oz yetkazib berish uchun transport xarajatlari tufayli qimmatlashganini qayd etgandi.
Maktab darsliklari va mashq daftarlari uchun ijara haqi keskin oshirilganiga jamoatchilik e’tirozlari kuzatilayotgan bir paytda prezident Shavkat Mirziyoyev “bepul ijarani tashkil etish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish”ga ko‘rsatma bergandi. Shundan so‘ng darsliklar ijarasi uchun to‘lov bekor qilingandi.