Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ichki ishlar vazirlari 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2025-yil 1-yanvardan boshlab Ruminiya va Bolgariya bilan ichki chegaralarda chegara nazoratini bekor qildi, deya xabar berdi Yevropa komissiyasi.

“Ushbu muhim qadam har ikki mamlakatning Shengen zonasiga to‘liq kirishini yakunlaydi”, — deyiladi Yevrokomissiya saytida.

“Bolgariya va Ruminiyani nihoyat Shengen makonining to‘laqonli a’zolari sifatida kutib olish tarixiy lahzadir. Ushbu a’zo davlatlar bilan va ular o‘rtasidagi ichki quruqlik chegaralarida shaxslarni tekshirishni bekor qilish Vengriya raisligining asosiy ustuvor yo‘nalishi edi va bugun biz buni haqiqatga aylantirdik. Ushbu qadam nafaqat Bolgariya va Ruminiya fuqarolariga, balki butun Yevropa Ittifoqiga ham foyda keltiradi”, — dedi Yevropa Ittifoqi kengashida raislik qilayotgan Vengriyaning ichki ishlar vaziri Shandor Pinter.

Ruminiya va Bolgariya Yevropa Ittifoqiga qo‘shilganidan o‘n yetti yil o‘tgach, ularga Shengen bo‘ylab chegarasiz sayohat uchun yashil chiroq ko‘rsatildi. Bu Ruminiya va Bolgariyada yashovchi va nihoyat Yevropa Ittifoqining to‘liq a’zosi sifatida qabul qilingan 25 million kishi uchun katta yengillik lahzasi, deb yozadi BBC. Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bu kun “shodlik kuni” ekanini ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqi Kengashi 2023-yil 31-dekabrdagi qarori bilan Bolgariya va Ruminiyani Shengen hududiga qabul qildi. Shengen kelishuvi qoidalari har ikki davlatda 2024-yil 31-martdan kuchga kirgan, shu bilan birga, ichki havo va dengiz chegaralarida nazorat bekor qilindi.

Ammo yuk mashinalari haydovchilari uchun chegara byurokratiyasi hali nihoyasiga yetmadi, deb ta’kidlaydi BBC.

Ruminiya va Bolgariyaning Shengen hududiga to‘liq kirishini Avstriya 2022-yilda noqonuniy migratsiyaning ko‘payishidan qo‘rqib, to‘sib qo‘ygandi. 9-dekabrda mamlakat Ichki ishlar vazirligi mamlakatlar chegaralarni himoya qilish bo‘yicha choralarni kelishib olgandan so‘ng Shengen zonasini kengaytirishga qo‘ygan vetosini bekor qildi.

Hozirda Shengen zonasi 29 mamlakat (Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Vengriya, Islandiya, Italiya, Latviya, Lixtenshteyn, Litva, Lyuksemburg, Malta, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveysariya) va 420 million aholini qamrab oladi. Kipr bilan ichki chegaralar nazorati hali bekor qilinmagan, Irlandiya esa Shengen zonasiga kirmaydi, deb eslatdi Yevropa Ittifoqi Kengashi o‘z bayonotida.