11-dekabr kuni O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi xodimlari ko‘magida Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida mushkul ahvolda qolgan bir oilaning besh nafar a’zosi vatanga qaytarildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro X.R. farzandlari bilan og‘ir moliyaviy ahvolda qolgani sababli amaliy yordam so‘rab konsulxonaga murojaat qilgan. U sentabr oyida turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bilan vaqtincha ishlash maqsadida Sverdlovskka kelgan.

Uning turmush o‘rtog‘i oila boquvchisi sifatida Beloyarsk tumanida yakka tartibda qurilish firmalarida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbiri davomida oila boquvchisi Rossiyada bo‘lish qoidasini buzgani sababli qo‘lga olingan va unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

O‘rganishlar natijasida erkak vaqtincha ishlagan qurilish firmasida bir oylik ish haqi to‘lanmagani aniqlangan va u ish beruvchidan olib berilgan. Shuningdek, ayolga va uning to‘rt nafar farzandiga Yekaterinburg-Toshkent aviareysiga chipta sotib olingan.

Oila 10-dekabr kuni Yekaterinburg shahridagi “Kolsovo” xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.