Rossiya “yaqin kunlarda” Ukrainaga zarba berish uchun “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketasidan yana foydalanishi mumkin, deya xabar berdi AP va Reuters AQSh rasmiylariga tayanib.
Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singhning so‘zlariga ko‘ra, AQShning ogohlantirishi Amerika razvedkasining baholashlariga asoslangan. Boshqa tafsilotlar, jumladan, Rossiya aynan qayerga zarba berishi mumkinligi ma’lum qilinmadi.
Singhning qo‘shimcha qilishicha, AQShda “Oreshnik”dan foydalanish jang maydonidagi burilish nuqtasi emas, balki qo‘rqitishga urinish sifatida qaraladi.
AP suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Rossiyada bor-yo‘g‘i bir nechta “Oreshnik” raketalari bor va ular Ukrainaga muntazam uchirilgan boshqa raketalarga qaraganda kamroq jangovar kallakni o‘zida tashiydi.
Vashington “Oreshnik” urushning borishini o‘zgartirishiga ishonmaydi, deya qo‘shimcha qildi Reuters manbasi. “Bu Rossiyaning Ukrainani terrorlashtirishga qaratilgan yana bir urinishidir, u muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, — dedi u.
11-dekabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina armiyasi Rostov viloyatining Taganrog shahridagi harbiy aerodromga oltita ATACMS raketasi bilan zarba berganini ma’lum qildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, ikkita raketa havo mudofaasi tizimi tomonidan urib tushirilgan, qolganlari radioelektron kurash vositalari tomonidan bartaraf etilgan.
“G‘arbning uzoqqa otish quroli bilan amalga oshirilgan hujum javobsiz qolmaydi, tegishli choralar ko‘riladi”, — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.
Ukraina tomoni Taganrogga raketa hujumi haqidagi xabarga izoh bermadi.
- Rossiya qo‘shinlari 21-noyabr kuni ertalab Dneprga “Oreshnik”ni zarba berdi. Ukraina havo kuchlari dastlab Rossiya Qit’alararo ballistik raketa (QBR)ni qo‘llaganini ma’lum qildi.
- Keyinroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin jangovar sharoitda Rossiyaning eng yangi “Oreshnik” quroli sinovdan o‘tkazilganini va raketa “Yujmash” harbiy-sanoat korxonasiga zarba berganini aytdi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, zarba Ukrainaga Rossiya hududida uzoq masofali G‘arb qurollarini qo‘llash uchun berilgan ruxsatga javob bo‘lgan.
- Ukraina hukumatidagi manbalarning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketasida portlovchi moddalar bo‘lmagan va “sezilarsiz” zarar yetkazgan.