Qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi xalqaro sa’y-harakatlarni safarbar qilish markazi bo‘lib, bu borada ilg‘or amaliyot va uslublarga namuna bo‘la olishini tasdiqlaydi. Bu haqda 10-dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida o‘tkazilgan yuqori darajali brifingda BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov ta’kidladi, deya xabar bermoqda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti matbuot xizmati.

Kengash 2024-yilda O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida tashkil etilgan. Unga Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ekspertlari va mutaxassislarini jalb etilgan. Kengashning platformasida reintegratsiya qilingan shaxslarning normal va to‘laqonli hayotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini ta’minlaydigan bilimlar, usullar va dasturlar jamlanadi.

Xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib o‘z fuqarolarini qurolli mojaroli hududlardan repatriatsiya qilgan. Xususan, 2019-yildan beri 530 dan ortiq o‘zbekistonlik, asosan ayollar va bolalar, vatanga qaytarilgan. Ularga tibbiy, ijtimoiy va ruhiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish va ishga joylashtirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilgan. Bu davrda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari 2200 ga yaqin fuqarosini vataniga qaytargan.

“Bu mavzu O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun juda dolzarb. Og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni inson huquqlari va insoniy yondashuv nuqtai nazaridan oddiy hayotga qaytarish davlatning muhim vazifalaridan biridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev suhbatlarimizning birida aynan shunday degan edi, bu masala uning ustuvor vazifalari qatoriga kirishi to‘g‘risida ta’kidlagan edi”, — dedi Vladimir Voronkov.

BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘la olishini qayd etdi. “Mintaqaviy ekspertlar kengashi dunyoning boshqa qismlarida ham takrorlanishi mumkin bo‘lgan noyob tashabbusdir. Men Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz, BMT va mintaqaviy tashkilotlarni eng yaxshi yechimlarni topish uchun ushbu platformadan foydalanishda davom etishga chaqiraman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“O‘zbekiston boshidanoq qaytarilgan bolalarga „himoya ostidagi, jamiyatga qaytariladigan millat bolalari“ deb munosabatda bo‘lgan pozitsiyani egallagan”, — dedi BMTning Terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi, professor Fionnuala Ni Aolain. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muvaffaqiyat kaliti bo‘ldi.

“Repatriatsiya qilingan bolalar zo‘ravonlik qurboni bo‘lib, ularning asosiy huquq va manfaatlarini ta’minlash uchun barcha zarur yordam ko‘rsatilishi kerak… YUNISEF O‘zbekistonga qaytarilgan bolalarning uzoq muddatli reabilitatsiyasi va jamiyatga qayta integratsiyasida, jumladan, ijtimoiy-psixologik tiklanishi, ta’lim hamda tibbiy yordam ko‘rsatish sohalarida ko‘mak berishni davom ettirishga sodiqdir”, — dedi YUNISEFning qurolli nizolarda bolalarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassisi Ketrin Kokko.

“O‘zbekiston tomonidan repatriantlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, jumladan, Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlar zonalarida chidab bo‘lmas sharoitda yashab, og‘ir ruhiy jarohat olgan ayollar va bolalarga yaratilgan shart-sharoitlar va har tomonlama yordam ko‘rsatilayotganidan mamnunmiz”, — dedi Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasining BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Letitsiya Kurtua. U repatriantlarga zarur e’tibor va yordam ko‘rsatishni davom ettirishga chaqirar ekan, ularning qaytishi “boshqalar uchun noyob va muvaffaqiyatli namuna” bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Devid Jonson “O‘zbekiston bu ishni, ayniqsa, jangovor hududlarga tushib qolishga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan bolalar va ayollar bilan bog‘liq holda amalga oshirayotganini” juda muhim deb atadi. “AQSh O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning qolgan davlatlarini o‘z fuqarolarini repatriatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish borasidagi faoliyatida qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Brifingda kelasi yili kengash raisligi O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tishi ma’lum qilindi.

Jahon hamjamiyatini Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 2025-yil iyun oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yuqori darajadagi haftalik doirasida bu borada alohida tadbir o‘tkazish rejalashtirilmoqda.