Vazirlar Mahkamasida 6-dekabr kuni “Davlat teatrlari, teatr studiyalari, sirk va konsert-tomosha muassasalarining artist xodimlariga malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaror qabul qilindi.
Hujjat prezidentning 21-fevraldagi farmoni ijrosini ta’minlash hamda davlat teatrlari, teatr-studiyalari, sirk va konsert-tomosha muassasalarining artist xodimlariga malaka toifalarini berish tartibini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qaror bilan prezident farmoni asosida tasdiqlangan 2024-yilda yo‘nalishlar kesimida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatida davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning faoliyatini tartibga solish hamda qo‘shimcha rag‘batlantirish nazarda tutilgani ma’lumot uchun qabul qilindi.
Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- teatr, sirk va konsert-tomosha muassasalarida malaka toifalari bilan lavozimlarni berish tartibi;
- malaka toifalarini berish mezonlari, tartibi va muddatlari;
- toifani pasaytirish yoki bekor qilish asoslari;
- malaka toifalarini berish bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi.
Malaka toifasi yilda bir marta belgilanadi va badiiy kengash xulosasi asosida muassasa direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Malaka berish quyidagi baholash mezonlariga asoslanadi:
- ijodiy qobiliyatlar;
- ish staji;
- turli konsertlar va spektakllarda ishtirok etish sifati va soni;
- jamoat ishlari hamda ma’naviy-ma'rifiy va ijodiy yig‘ilishlardagi faollik.
Teatr, sirk va konsert-tomosha muassasalarining artist xodimlariga malaka toifalarini berish mezonlarida qayd etilgan soha bo‘yicha ma’lumot talabi O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining faxriy unvonlariga ega xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.